Kitobxonlik – ma’naviy islohotlarning muhim tayanchi
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “Bir kunda ming kitob” aksiyasi doirasida Navoiy shahridagi “Saxovat bozori” MCHJda “Kitobxon tadbirkor oila” tanlovi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish hamda yoshlarni komil inson etib tarbiyalashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, bu borada muhim tashabbus va amaliy ishlar hayotga tatbiq etilmoqda.

O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Tanlovda ishtirokchilar uchun Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosiy manba sifatida belgilab berildi. Chunki ushbu asar xalqimizning milliy qadriyatlari, muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan bebaho asarlardan biri sanaladi.
Ishtirokchilar asar mazmuni, qahramonlar obrazi hamda adib hayoti va ijodi yuzasidan bilimlarini namoyon etdi.

Tadbir davomida tashkil etilgan savol-javoblar, viktorinalar va sahnaviy chiqishlar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, roman qahramonlarining obrazlarini sahna orqali talqin etish kitobxonlik tadbiriga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor oilalar hamda faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA