Xitoy tajribasi: chiqindidan energiya olish sari muhim qadam
Bugungi kunda dunyo miqyosida ekologik muammolar, chiqindilar hajmining ortib borishi va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj davlatlarni yangi yechimlar izlashga undamoqda. Ayniqsa, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan muqobil energiya manbai sifatida foydalanish dolzarb masalaga aylangan.
Navoiy shahar hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shahar hokimi Dilmurod Ergashev boshchiligidagi delegatsiya III O‘zbekiston – Xitoy hududlararo forumi doirasida Xitoyning yirik sanoat korxonalaridan biri “Wuhan Tianyuan Group Co., Ltd.” rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lgan yashil energetikani rivojlantirish mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar maishiy va sanoat chiqindilarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, chiqindilar hajmini kamaytirish hamda ekologik holatni yaxshilash yuzasidan fikr almashdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday texnologiyalarni Navoiyda joriy etish nafaqat ekologik muammolarni kamaytirishga, balki qo‘shimcha energiya manbalarini yaratishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi, ishlab chiqarish samaradorligi oshishi va aholi turmush sifati yaxshilanishi kutilmoqda.
Shuningdek, delegatsiya “Lingzhi Equipment Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida chiqindilarni tozalash va qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarish loyihalari muhokama qilindi. Xitoy tomoni o‘zining zamonaviy texnologik imkoniyatlari, innovatsion ishlanmalari hamda ekologik xavfsizlikka qaratilgan tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuvlarda Navoiy shahrida chiqindilarni saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqish, sanitariya tizimi samaradorligini oshirish hamda ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Albatta, bu kabi loyihalar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki hududning investitsion jozibadorligini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan tashabbuslar kelajakda aholi uchun yanada qulay, obod va ekologik toza muhit yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA