Giyohvandlik vositasini noqonuniy saqlagan shaxs aniqlandi
Yurtimizda giyohvandlik vositalarini noqonuniy saqlash va uning aylanmasiga qarshi kurashish hamda bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarini noqonuniy saqlash bilan bog‘liq yana bir holat aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroga qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanish uchun uzoq muddatga ijaraga berilgan yer maydoni chetidagi ikkita konteyner xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, konteynerlardan quruq holatda saqlanayotgan jami 7 kilogramm marixuana, IJ-38 rusumli pnevmatik qurol hamda 12 mm kalibrli 3 dona patron topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA