Davlat xizmatida natijadorlik va hisobdorlikni kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar bildirildi
Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Agentlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilinib, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, davlat xizmatida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish hamda islohotlarning aniq natijalarga yo‘naltirilganini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Sohaga oid jamoatchilik fikri va murojaatlari o‘rganilib, tegishli tahlillar amalga oshirilgani qayd etildi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda jamoatchilik vakillarining taklif va tavsiyalarini inobatga olish, qabul qilinayotgan qarorlarning hayotiyligi va amaliy samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida boshqaruv samaradorligini oshirish, inson resurslarini zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda davlat xizmatida natijadorlik va hisobdorlikni kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Kengash a’zolari Rahbar kadrlarni baholash markazi faoliyati, zamonaviy baholash tizimi va ilg‘or assessment texnologiyalari imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlash, jamoatchilik bilan samarali muloqotni kengaytirish hamda bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etishga oid vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA