O‘zbekistonga qanday daraxtlar kerak?
Ikkinchi maqola
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i Dendrologiya laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sobitjon Nosirov bilan suhbatimizning birinchi qismida o‘simliklar ekologiyasi, daraxt turlarini to‘g‘ri tanlash va «Yashil makon» loyihasida ko‘chatlarni asrab qolish masalalari haqida so‘z yuritgan edik.
Suhbatning davomida esa suv tanqisligi sharoitida qaysi daraxt va o‘simliklarga ko‘proq e’tibor qaratish, shuningdek, ekilgan ko‘chatlarning tutib ketishi uchun dastlabki yillarda qanday parvarish zarurligi haqida fikrlashamiz.
—O‘zbekistonda suv tanqisligi kuchayib borayotgan bir paytda, kelajakda qanday daraxt va o‘simliklarga ko‘proq e’tibor berish kerak? Suvni kam talab qiladigan, issiq va sovuqqa chidamli mahalliy turlar yetarlimi?
—O‘zbekiston florasida qurg‘oqchilikka, yuqori haroratga va ayrim noqulay tuproq sharoitlariga moslashgan o‘simliklar ko‘p. Ayniqsa, cho‘l, adir va tog‘oldi mintaqalari florasida bunday turlar uchraydi. Lekin ularning barchasini bir xil sharoitda ekish yoki shahar ko‘kalamzorlashtirishi uchun birdek tavsiya qilish mumkin emas. Masalan, saksovul, qandim, yulg‘un kabi o‘simliklar tabiiy cho‘l ekotizimlarida juda muhim o‘rin tutadi. Ular qumlarni mustahkamlash, tuproqni shamol eroziyasidan himoya qilish va tabiiy o‘simlik qoplamini shakllantirishga xizmat qiladi.
Biroq saksovulni shahar bog‘larida keng soya beradigan manzarali daraxt o‘rnida qo‘llash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki har bir o‘simlikning tabiiy shakli, o‘sish xususiyati va bajaradigan ekologik vazifasi turlicha. Aholi yashash punktlarida esa jiyda, tut, ayrim qayrag‘och turlari, tegishli tuproq va suv sharoiti mavjud bo‘lganda boshqa mahalliy daraxtlardan foydalanish mumkin. Shu bilan birga, pista va bodom kabi o‘simliklarni hamma joyga emas, balki ularning ekologik talablariga mos hududlarga joylashtirish zarur. Bu yerda yana bir muhim masala bor. Qurg‘oqchilikka chidamlilik, sho‘rlanishga chidamlilik va sovuqqa chidamlilik bir xil xususiyat emas. Bir o‘simlik suv tanqisligiga bardosh berishi mumkin, ammo tuproqda tuz miqdori oshsa, uning rivojlanishi keskin yomonlashadi. Shuning uchun har bir turni bir nechta ekologik omil bo‘yicha baholash lozim.
Biz faqat mahalliy flora bilan cheklanib qolmasligimiz ham kerak. Chunki O‘zbekistonga turli davrlarda olib kelingan, ko‘p yillar davomida mahalliy sharoitga moslashgan va introduksiya sinovlaridan o‘tgan daraxt hamda butalar ham mavjud.
Bu borada Toshkent botanika bog‘i kolleksiyalari katta ilmiy ahamiyatga ega. Botanika bog‘ining ilmiy-amaliy dasturida mavjud daraxt va butalar kolleksiyalarini saqlash, istiqbolli turlarni introduksiya qilish, kamyob va yo‘qolib borish xavfi mavjud turlarni ko‘paytirish, shuningdek, kolleksiyalarda bitta yoki kam sonli namunasi qolgan o‘simliklarni generativ va vegetativ usullarda ko‘paytirish ishlari belgilangan. Bu ishlarning muhim tomoni shundaki, biz faqat yangi turlarni olib kelish bilan cheklanmaymiz. Avvalo, mavjud kolleksiyalarning genofondini saqlash, qimmatli turlarni yo‘qotmaslik va ularning ko‘paytirish texnologiyalarini ishlab chiqishga e’tibor qaratishimiz kerak.
Masalan, ayrim daraxt turlari urug‘ orqali yaxshi ko‘payadi, boshqalarida esa qalamcha orqali ko‘paytirish samarali bo‘lishi mumkin. Bu xususiyatlarni o‘rganish istiqbolli turlarni ko‘chatxonalarda ko‘paytirish va keyinchalik amaliyotga tavsiya etish imkonini beradi.
Menimcha, kelajakda bizga faqat kam suv talab qiladigan daraxtlar ro‘yxati emas, balki ularni qaysi hududda, qanday tuproqda, qanday sug‘orish tizimida va qanday agrotexnika asosida yetishtirish mumkinligi ko‘rsatilgan ilmiy tavsiyalar zarur.
Buning uchun mahalliy flora imkoniyatlaridan samarali foydalanish bilan birga, botanika bog‘laridagi introduksiya tadqiqotlarini ham davom ettirish kerak.
— Daraxtni ekishdan keyin kamida uch yil parvarishlash taklif etilmoqda. Ilmiy nuqtai nazardan, ko‘chatning tutib ketishi uchun dastlabki yillarda qanday parvarish eng muhim?
— Daraxt ko‘chatining yashab qolishi va keyingi rivojlanishi uchun dastlabki yillardagi parvarish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki bu davrda o‘simlik yangi muhitga moslashadi, ildiz tizimi rivojlanadi va tuproqdan suv hamda ozuqa moddalarini o‘zlashtirish imkoniyati kengayadi. Ayniqsa, birinchi yil eng mas’uliyatli davr hisoblanadi.
Ko‘chat ko‘chatxonadan doimiy o‘sish joyiga o‘tkazilganda, uning ildiz tizimida ma’lum darajada o‘zgarish yuz beradi. Yalang‘och ildizli ko‘chatlarda mayda ildizlarning bir qismi yo‘qotilishi mumkin. Konteynerda yetishtirilgan ko‘chatlarda esa ildizlarning holati, ildiz to‘pining sifati va to‘g‘ri ekilishi muhim. Shu sababli birinchi yilda ko‘chatning suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘g‘ri ta’minlash zarur.
Biroq sug‘orish masalasida ham yagona me’yorni barcha daraxtlarga qo‘llash noto‘g‘ri. Chunki suvga bo‘lgan talab daraxt turi, yoshi, ko‘chatning kattaligi, tuproq xususiyatlari va mavsumiy ob-havoga bog‘liq. Masalan, qumli tuproqlarda suv tez singib, namlik nisbatan tez kamayadi. Og‘ir gilli tuproqlarda esa namlik uzoqroq saqlanadi. Shuning uchun sug‘orish davriyligi ham turlicha bo‘lishi kerak.
Ikkinchi muhim masala — tuproqning holati. Ko‘chat atrofidagi tuproq haddan tashqari zichlashgan bo‘lsa, ildizlarning rivojlanishi va havo almashinuvi qiyinlashadi. Shuningdek, begona o‘tlar ko‘chat bilan suv va ozuqa moddalari uchun raqobatlashadi. Bunday sharoitda tuproqni ehtiyotkorlik bilan yumshatish, begona o‘tlarni nazorat qilish va mulchalash yaxshi natija berishi mumkin.
Ikkinchi yilda ko‘chatning o‘sish xususiyatlariga ko‘proq e’tibor qaratish kerak. Bu davrda yangi novdalarning shakllanishi, yillik o‘sish, barglarning holati va ildiz tizimining rivojlanishi muhim ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Agar daraxtning o‘sishi sekinlashsa, barglari maydalashsa yoki muddatidan oldin sarg‘aysa, bu suv tanqisligi, tuproq sharoiti, ozuqa elementlari yetishmasligi, kasallik yoki boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin bunday belgilarga qarab darhol yakuniy xulosa chiqarish to‘g‘ri emas. Chunki bir xil tashqi belgi turli sabablar natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun daraxtning umumiy holati va o‘sish muhitini birgalikda baholash lozim.
Uchinchi yilda ko‘chatning yangi muhitga moslashish darajasi aniqroq namoyon bo‘ladi. Ildiz tizimi yaxshi rivojlangan ayrim daraxtlarda sug‘orish davriyligini bosqichma-bosqich kamaytirish mumkin.
Biroq uch yil o‘tgandan keyin daraxt umuman parvarish talab qilmaydi, degan fikr ham noto‘g‘ri. Ayniqsa, O‘zbekistonning issiq va quruq shahar sharoitida katta yoshli daraxtlar ham muayyan davrlarda sug‘orish va sanitar parvarishga muhtoj bo‘ladi. Bu jarayonda monitoringning ahamiyati katta. Masalan, ko‘chatning birinchi yilda saqlanib qolgani uning to‘liq moslashganini anglatmaydi. U ikkinchi yoki uchinchi yilda ham tashqi muhit ta’sirida zaiflashishi mumkin.
Shuning uchun ko‘chatlarning yashovchanligi bilan bir qatorda ularning o‘sish ko‘rsatkichlari, barg va novdalar holati, kasallik va zararkunandalar bilan zararlanishi ham muntazam o‘rganilishi zarur. Bizning dendrologik tadqiqotlarimizda ham daraxt va butalarning bioekologik xususiyatlarini baholash, kasallik va zararkunandalarni aniqlash, ularning o‘sish va rivojlanishini kuzatish muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Uch yillik parvarishni faqat sug‘orish bilan cheklash to‘g‘ri emas. Bu davrda ko‘chatning o‘sishini nazorat qilish, tuproq sharoitini yaxshilash, zararli organizmlardan himoyalash va uning yangi muhitga moslashishini ta’minlash asosiy vazifa bo‘lishi kerak.
— Agar «Yashil makon»ni haqiqiy ekologik natijaga aylantirishni istasak, bugun nimani o‘zgartirishimiz kerak: ko‘chat tanlashni, sug‘orishni, parvarishni yoki umuman ko‘kalamzorlashtirishga bo‘lgan yondashuvni?
— Men bu savolga ko‘kalamzorlashtirishga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirishimiz kerak, deb javob bergan bo‘lardim. Chunki ko‘chat tanlash, uni ekish, sug‘orish va parvarishlash alohida-alohida emas, balki bir-biri bilan bog‘liq jarayonlardir.
Agar biz daraxt turini to‘g‘ri tanlasak-u, lekin sug‘orishni tashkil etmasak, kutilgan natijaga erishmaymiz. Yoki sug‘orish imkoniyati yaxshi bo‘lsa-yu, ko‘chat sifati past yoki tuproq sharoiti mos kelmasa, bu ham daraxtning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ko‘kalamzorlashtirish ishlari dastlabki ekologik baholashdan boshlanishi kerak.
Avvalo, maydonning tuproq xususiyatlari, suv ta’minoti, iqlim sharoiti, mavjud daraxtlar holati va kelgusidagi foydalanish maqsadi aniqlanadi. Shundan keyin esa o‘sha hududga mos daraxt va butalar tanlanishi lozim. Masalan, aholi dam oladigan bog‘lar, yo‘l bo‘ylari, sanoat korxonalari atrofi, maktab va shifoxona hududlari uchun daraxt tanlash mezonlari bir xil bo‘lmasligi mumkin.
Bog‘ va sayr yo‘laklarida soya hosil qilish, mikroiqlimni yaxshilash va manzaraviylik muhim bo‘lsa, sanoat hududlarida chang va gazlar ta’siriga nisbatan chidamlilik, yo‘l bo‘ylarida esa tuproq zichlashishi va boshqa shahar stress omillariga bardoshlilik ham katta ahamiyatga ega.
Yana bir muhim masala — mavjud daraxtlarni saqlab qolish. Ba’zan ko‘kalamzorlashtirish deganda asosan yangi ko‘chat ekish tushuniladi. Aslida esa mavjud katta yoshli daraxtlarni muhofaza qilish ham shu jarayonning ajralmas qismi hisoblanadi. Masalan, bir necha o‘n yil davomida shakllangan daraxtning keng shox-shabbasi, soyasi va ekologik vazifasini yangi ekilgan kichik ko‘chat qisqa vaqt ichida to‘liq bajara olmaydi.
Yirik daraxtlar shahar muhitida soya hosil qiladi, atrofdagi yuzalarning ortiqcha qizishini kamaytiradi, ayrim havo ifloslantiruvchilarini ushlab qolishda ishtirok etadi va ko‘plab tirik organizmlar uchun yashash muhiti yaratadi. Shuning uchun biz yangi ko‘chat ekish bilan bir vaqtda mavjud daraxtlarning sanitar va hayotiy holatini ham muntazam baholab borishimiz kerak.
Yana bir yo‘nalish — ilmiy ma’lumotlarni raqamlashtirish. Hozirgi kunda geografik axborot tizimlari va elektron ma’lumotlar bazalari orqali daraxtlarning joylashuvi, turi, yoshi, o‘sish ko‘rsatkichlari va sanitar holati bo‘yicha ma’lumotlarni bir tizimga keltirish imkoniyati mavjud.
Bunday ma’lumotlar asosida qaysi hududlarda daraxtlar yaxshi rivojlanayotganini, qayerlarda qurish yoki kasallanish holatlari ko‘proq uchrayotganini hamda qanday parvarish tadbirlari zarurligini aniqlash mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi PF-206-son Farmoni ham ko‘kalamzorlashtirishga ilmiy yondashuvni kuchaytirish, daraxtlarni saqlash, ko‘chatlarning yashovchanligini oshirish va raqamli monitoringni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Farmonda nazarda tutilgan «3–30–300» tamoyili ham e’tiborga molik. U har bir aholi uchun uchta daraxt, hududda 30 foiz daraxt soyasi va 300 metr atrofida yashil hudud mavjud bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Bu yerda daraxtning soya hosil qilishiga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim. Chunki ko‘chat sonining o‘zi aholi uchun qanchalik qulay yashil muhit yaratilganini to‘liq ifodalamaydi.
Masalan, minglab yosh ko‘chat ekilgan maydon bilan yirik, sog‘lom daraxtlar shakllangan soyali hududning ekologik va ijtimoiy ahamiyati bir xil emas. Shuning uchun kelgusida ko‘kalamzorlashtirish natijalarini baholashda ko‘chatlar soni bilan bir qatorda ularning saqlanish darajasi, daraxtlar soyasi bilan qoplangan maydon, tur tarkibi, sanitar holati va aholi uchun yaratilayotgan qulay muhit ham hisobga olinishi kerak.
Menimcha, bugun biz uchun eng muhim vazifa — ko‘chat ekish bilan cheklanmasdan, uning keyingi rivojlanishi uchun mas’uliyatni ham ta’minlash. Chunki har bir daraxtning o‘sib voyaga yetishi uchun yillar talab etiladi. Uning qurib qolishi esa nafaqat ko‘chat yoki sarflangan mablag‘ning yo‘qotilishi, balki kelgusida shakllanishi mumkin bo‘lgan ekologik imkoniyatning ham boy berilishidir.
Shu ma’noda «Yashil makon»ning haqiqiy natijasi faqat qancha ko‘chat ekilgani bilan emas, balki ularning qanchasi yashab qolgani, qanday rivojlangani va atrof-muhitga qanchalik foyda keltirayotgani bilan baholanishi kerak.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.