O‘zbekiston aholisi 39,5 million kishidan oshdi
Mamlakatimizning doimiy aholi soni o‘sishda davom etmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga mamlakatning doimiy aholisi 39 million 535 ming 225 kishini tashkil etgan. Hisob-kitoblarda aholini ro‘yxatga olish natijalari ham inobatga olingan.
Qayd etilishicha, aholi soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 692,2 ming kishiga yoki 1,8 foizga ko‘paygan.
Hududlar kesimida eng ko‘p aholi Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatda 4 million 462 ming 783 kishi istiqomat qiladi. Keyingi o‘rinlarda 4 million 293 ming 1 nafar aholi bilan Farg‘ona viloyati va 3 million 799 ming 43 kishi bilan Toshkent viloyati qayd etilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 3 million 746 ming 228 nafar, Andijon viloyatida 3 million 574 ming 464 nafar, Toshkent shahrida esa 3 million 278 ming 512 nafar aholi yashaydi.
Namangan viloyati aholisi 3 million 190 ming 767 kishini, Surxondaryo viloyati aholisi 3 million 30 ming 30 kishini tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 million 166 ming 44 nafar, Xorazm viloyatida 2 million 162 ming 68 nafar, Buxoro viloyatida 2 million 125 ming 129 nafar aholi istiqomat qiladi.
Aholi soni nisbatan kam hududlar qatorida Jizzax viloyati (1 million 545 ming 176 kishi), Navoiy viloyati (1 million 196 ming 559 kishi) va Sirdaryo viloyati (965 ming 421 kishi) qayd etilgan.
Shunday qilib, 2026-yil 1-oktabr holatiga O‘zbekiston doimiy aholisi 39,5 million kishidan oshib, mamlakatda aholi sonining o‘sish tendensiyasi saqlanib qolmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA