Gandbol: O‘zbekiston chempionatida qaysi jamoalar yetakchilikka erishdi?
Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi majmuasida gandbol bo‘yicha U16 yosh toifasida o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining III davra bahslari poyoniga yetdi.
Sakkiz kun davom etgan shiddatli o‘yinlar natijasida kuchli jamoalar saralandi va terma jamoalarga munosib bir qator iqtidor egalari sinovdan o‘tkazildi.
Musobaqa davomida jamoalar yuqori sport mahorati, kuchli iroda va murosasiz kurash ruhiyatini namoyish etdi.

O‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida III davra natijalari va to‘plangan ochkolar bo‘yicha Namangan viloyati (12 ochko) “A” guruhida yetakchilikka erishgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarni Toshkent (10 ochko) va Jizzax viloyati (8 ochko) jamoalari band etdi.
III davraning “B” guruhidagi o‘g‘il bolalar jamoalari orasida Andijon viloyatining “Qo‘rg‘ontepa” gandbolchilari (14 ochko) yetakchilikka erishdi. Xorazm (12 ochko) va Andijon(10 ochko) jamoalari keyingi pog‘onalardan joy oldi.

Har ikki guruhdagi umumiy hisob-kitoblarga ko‘ra, “Qo‘rg‘ontepa” gandbolchilari 39 ochko bilan III davraning eng kuchli jamoasi nomiga sazovor bo‘ldi. Namangan va Xorazm viloyati vakillari keyingi qatorlarga egalik qildi.
Qiz bolalar jamoalari orasida “A” guruhida Surxondaryo viloyati, “B” guruhida Namangan viloyati gandbolchilari 12 ochko bilan yetakchilikka erishdi.
Shuningdek, o‘z guruhlarida Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Xorazm, Andijon jamoalari yuqori o‘rinlarga da’vogar ekanini namoyish etdi.
O‘zbekiston chempionati III davra o‘yinlarining har ikki guruh holatida Namangan viloyati gandbolchi qizlari 38 ochko bilan peshqadamlikni qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA