G‘allakorlar rag‘batlantirildi
Sayxunobod tumanida 2026-yil hosili uchun belgilangan 30 ming 200 tonnalik g‘alla topshirish rejasi ortig‘i bilan bajarildi. Mazkur muvaffaqiyat munosabati bilan g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida fidokorona mehnat qilgan g‘alla shtabi va otryad a’zolari tuman hokimligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Taqdirlash marosimida so‘z olgan tuman hokimi Komiljon Mullajanov erishilgan natijalar ortida dehqon va fermerlarning, soha mutaxassislari hamda tashkilotchilarning zahmatli mehnati mujassam ekanini ta’kidladi. Qayd etilganidek, g‘allachilikda qo‘lga kiritilayotgan bunday yutuqlar mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

E’tiborli jihati, joriy mavsumda Sirdaryo viloyatida 65 ming gektar sug‘oriladigan maydonda kuzgi boshoqli don ekinlari parvarish qilindi. Yer sharoitiga mos navlarni tanlash, sifatli urug‘likdan foydalanish va zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hisobiga yuqori hosildorlikka erishildi.

Natijada viloyat bo‘yicha davlat ehtiyojlari uchun belgilangan 215 ming tonna o‘rniga 218 ming tonna don yetkazib berilib, reja 101,2 foizga bajarildi. Hududlar kesimida Sardoba tumani 112 foiz, Guliston tumani 110 foiz, Oqoltin tumani 109 foiz va Sayxunobod tumani 104 foiz ko‘rsatkich bilan yuqori natijalarni qayd etdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu natijalar agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda g‘alla yetishtiruvchilarning tajribasi va mehnatsevarligi samarasidir.

Tadbir yakunida g‘alla mavsumida alohida faollik ko‘rsatgan shtab va otryad a’zolariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri