Fuqarolarning murojaatlari yuzasidan shaxsiy qabul o‘tkazildi
Poytaxtimizda aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganib, ularga huquqiy va amaliy yechim topish borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu munosabat bilan, Toshkent shahrida navbatdagi ommaviy va shaxsiy qabul o‘tkazildi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shaxnoza Sultanova tomonidan o‘tkazlgan qabul davomida aliment undirish, bandlikni ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, shuningdek, uy-joy olishda nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanish bilan bog‘liq murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Har bir murojaat yuzasidan tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida fuqarolarga zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularni hal etish choralari belgilandi.

Shuningdek, davlat idoralarining xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq muloqoti bugun jamiyatimizdagi ko‘plab muammolarning qisqa fursatda hal etilishiga zamin yaratish maqsadida Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azizxon Shavkatov navbatdagi shaxsiy qabulni o‘tkazdi.

Murojaatlarning aksariyati madaniyat sohasiga, shuningdek, turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga taalluqli bo‘ldi. Har bir murojaat yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA