Fransiyada G7 sammiti boshlandi
Dunyoning eng nufuzli yetti davlati – Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya, AQSH va Yevropa Ittifoqidan vakillar ishtirokidagi sammitga bu gal Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, shuningdek Braziliya, Hindiston, Keniya, Janubiy Koreya vakillari ham taklif qilingan.
“Reuters” agentligi yozishicha, fransuz rasmiylari anjumandan so‘ng qo‘shma yakuniy kommyunike imzolash rejasidan voz kechib, muhim mineral resurslar, migratsiya va giyohvand moddalar savdosi kabi masalalar bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qilishni rejalashtirgan. G7 uchrashuvi Ukraina, Yaqin Sharq, global iqtisodiy nomutanosiblikni bartaraf etish va asosiy yetkazib beruvchi Xitoydan boshqa muhim minerallar ta’minotchilarini topishga qaratiladi.
Jeneva ko‘li bo‘yidagi Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tadigan sammit 17-iyungacha davom etadi.

Afsuski, bu galgi tadbir kunlari ham norozilik namoyishlari o‘tishi kutilyapti. Shu bois tartibni saqlash uchun taxminan 16 000 politsiyachi va harbiy xizmatchi, jumladan 4000 askar safarbar qilingan. Jeneva markazida ham favqulodda holat e’lon qilindi. Do‘kon, bank va supermarketlar tartibsizlik ehtimoli yuqori bo‘lgani uchun yopildi. Jami 50 000 gacha odam to‘planishi faraz qilingan. Ular G‘azo sektoridagi urush, global iqtisodiy siyosat va G7 mamlakatlari ta’siriga qarshi chiqmoqchi. Rasmiylar 2003-yildagi voqealarga o‘xshash qo‘zg‘olon takrorlanishidan xavotirda.

– Fransiya sammit hududida namoyishga ruxsat bermagani uchun norozilik aksiyasi Jenevaga ko‘chirildi, – deb yozgan “Bild” gazetasi.
2003-yil may va iyun oylarida ham Jenevaga qo‘shni Evian shahrida G8 sammiti bo‘lib o‘tgan va o‘shanda ham globalizatsiyaga qarshi keng ko‘lamli namoyish uyushtirilgan. Tartibsizlik davomida politsiya bilan to‘qnashuv, Molotov kokteylidan foydalanish, to‘siq (barrikada) qurish, mashina yoqish, bank va do‘kon oynalarini sindirish bilan bog‘liq noxush hodisalar sodir etilgan. Politsiya olomonni tarqatib yuborish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv to‘plaridan foydalangan. Natijada o‘nlab fuqaro jarohatlangan, yuzlab odam hibsga olingan.
S.Rahimov, O‘zA