G7 sammitida nimalar muhokama qilinadi?
Fransiyada bo‘lib o‘tadigan “Katta yettilik” (G7) davlatlari rahbarlari sammiti global siyosiy inqiroz, Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi keskinlik mavzulariga bag‘ishlanadi.
Evian-le-Ben shahrida Fransiya raisligida o‘tadigan ushbu oliy darajadagi uchrashuvda global savdo ziddiyati bilan bog‘liq dolzarb muammolar ham diqqat markazida bo‘ladi. Bu haqda “Al Jazeera” nashri xabar bergan. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Vashington va Tehron o‘rtasidagi urushga barham beruvchi dastlabki kelishuv e’lon qilingandan keyin sammitga qo‘shilmoqda.
Mezbon davlat xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida anjumanga G7 a’zolaridan tashqari Hindiston, Ukraina, Misr, Qatar, Avstraliya, Braziliya, Keniya va Janubiy Koreya yetakchilarini ham mehmon sifatida taklif etgan.
Shuningdek, jahon iqtisodiyoti va sun’iy intellekt kelajagini muhokama qilish uchun “OpenAI”, “Google” va “Anthropic” kabi yetakchi texnologiya kompaniyalari rahbarlari ham farang yurtiga kelishi kutilyapti. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi tashrifi hozircha aniq emas. Janubiy Afrika Respublikasi G‘azodagi vaziyat bo‘yicha egallagan pozitsiyasi hamda mamlakatdagi oq tanli kamchilik masalasida AQSH bilan kelisha olmagani sababli, taklif etilgan davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi. Vashington JAR hukumatini oq tanli fermerlarni ta’qib qilishda ayblagan. Bu da’vo rasman isbotlanmagan va Prezident Siril Ramafosa tomonidan butunlay inkor etilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA