AQSH va Eron kelishuvga erishdi
AQSH Prezidenti Donald Tramp kelishuv yakunlangani va harbiy harakat to‘xtaganini e’lon qildi. U dengiz qamali bekor qilinishi va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali erkin suzib yurish tiklanishini aytdi.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham kelishuvga erishilganini e’lon qildi va rasmiy imzolash marosimi 19-iyun kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tishini ta’kidladi.
O‘z navbatida Eron Oliy Milliy xavfsizlik kengashi kotibiyati o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha ish yakunlanganini tasdiqladi va Livanni ham o‘z ichiga olgan barcha jabhalarda harbiy amaliyot to‘xtatilganini aytdi.
OAV xabariga ko‘ra, hujjat Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens tomonidan imzolanadi.
Avvalroq “Reuters” agentligi hujjat loyihasi tafsilotini oshkor qilgandi.
Eronning yuqori lavozimli amaldori AQSH bilan anglashuv memorandumi loyihasida yadroviy dastur, sanksiya, moliyaviy aktiv va Hurmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi kabi masalalar qamrab olinishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat imzolangandan so‘ng tomonlar 60 kun ichida yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokara olib boradi.

Loyiha bir necha qoidani jamlagan.
Eron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tijoriy yuk tashish uchun yo‘l ochadi va AQSH Eron portlariga qo‘yilgan taqiqni olib tashlaydi. Dengiz cheklovini bekor qilish jarayoni memorandum imzolangandan keyin 30 kun ichida yakunlanishi kerak.
Qo‘shma Shtatlar muzokara yakunlanmaguncha Eronga qarshi yangi sanksiya qo‘llamaslikka va’da beradi. Yakuniy kelishuv tuzilgandan so‘ng xalqaro sanksiya bosqichma-bosqich bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tehronga nisbatan qo‘llanayotgan neft sanksiyasidan vaqtincha voz kechilishi lozim. Natijada mamlakatning neft eksporti qayta tiklanadi. Eronning 25 milliard dollarlik mablag‘i ozod qilinadi, mamlakatni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham muhokama qilinadi.

Yadro dasturi bo‘yicha uch band tilga olingan. Eron yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, yakuniy kelishuvga erishilmaguncha, Tehron yadroviy dasturini kengaytirmaslik yoki uranni boyitish darajasini oshirmaslikka va’da beradi. Tehronning yadro dasturi kelajagi, yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasining taqdiri keyingi muzokarada hal qilinishi kutilyapti.
AQSH va Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar tarqalgach, xalqaro bozorda “qora oltin” narxi keskin tushdi. London birjasida “Brent” xom nefti mart oyidan beri birinchi marta barreliga 84 dollardan kamayib, taxminan 4 foiz yo‘qotish kuzatildi.
Amerikada esa WTI toifali neft deyarli 5 foiz arzonlab, barreliga taxminan 81 dollarni tashkil etdi.
S.Rahimov, O‘zA