AQSH va Eron tinchlik bitimini imzolashga kelishdi (+video)
AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi 19-iyun kuni Shveysariyada imzolanadi, deb xabar berdi DW nashri.
Bu haqda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif ma’lum qilgan. Kelishuv haqidagi ma’lumotni AQSH prezidenti Donald Tramp ham tasdiqladi.
Shahboz Sharif yakshanba, 14-iyun kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida chiqish qilib, AQSH va Eron 19-iyun kuni Shveysariyada tinchlik kelishuvini imzolashini ma’lum qildi.
U har ikki tomonga mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etayotgani uchun minnatdorlik bildirib, Qatarga vositachilik uchun, shuningdek, Saudiya Arabistoni va Turkiyaga bu boradagi ulkan hissasi uchun tashakkur aytdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Eron bilan tinchlik kelishuvi endi to‘liq tuzilganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, u AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozida o‘rnatilgan blokadani bekor qilishni buyurdi.
AQSH vitse-prezidenti Jeyms Di Vens kelishuvni Jeneva shahrida imzolash marosimida qatnashishni rejalashtirayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Trampning o‘zi ham ishtirok etishi mumkin.
Shahboz Sharif o‘z bayonotida AQSH va Eron barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni darhol va batamom to‘xtatish haqida kelishib olganini ta’kidladi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA