Forumda asosiy e’tibor ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatadigan omillarga kompleks yondashishga qaratildi
Jizzaxda V Ustozlar milliy forumi ta’lim sohasida yangi o‘quv yili oldidan ustuvor vazifalarni belgilash, ilg‘or tajribani ommalashtirish va eng muhimi, ta’lim sifatini yuksaltirishda pedagog omilining hal qiluvchi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Jizzax shahridagi Prezident maktabida “Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida tashkil etilgan forumda viloyatning 200 nafardan ziyod ilg‘or va tashabbuskor pedagoglari ishtirok etishdi. Bu galgi muloqotlarning o‘ziga xosligi shundaki, e’tibor faqat muayyan fanlarni o‘qitish metodikasiga emas, balki ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatadigan omillarga kompleks yondashishga qaratildi.
Zero, zamonaviy maktabni zamonaviy bino, yangi darslik yoki raqamli texnologiyaning o‘zi yaratmaydi. Ularni ta’lim natijasiga aylantiradigan asosiy kuch — o‘qituvchi. Uning bilimi, dunyoqarashi, kasbiy mahorati va yangilikka munosabati sinfxonadagi ta’lim sifatini belgilaydi.
Forum doirasida mentorlar tomonidan sho‘ba mashg‘ulotlari, amaliy seminarlar va mahorat darslari o‘tkazilib, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, innovatsion metodlar, kasbiy rivojlanish va yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Bu mashg‘ulotlar oddiy tajriba almashish emas, balki pedagogning ertangi darsiga ta’sir qiladigan amaliy bilim va ko‘nikmalar maydoniga aylandi.
— Ta’lim sifati, avvalo, pedagogning kasbiy salohiyatiga bog‘liq. Shuning uchun ustozning doimiy rivojlanishi bir martalik emas, uzluksiz jarayon bo‘lishi kerak, — deydi Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shohida Damanova. — Mamlakatimizda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Pedagoglarni zamonaviy metodikalarga o‘rgatish, ilg‘or tajribani ommalashtirish va ularni rag‘batlantirishga qaratilgan choralar ta’lim natijasida o‘z aksini topishi kerak.
[gallery-90988]
Darhaqiqat, bugun o‘qituvchidan faqat darslikdagi bilimni yetkazish talab etilmaydi. U o‘quvchini mustaqil fikrlashg, tahlil qilish, savol berish, izlanish va olgan bilimini hayotda qo‘llashga o‘rgatishi lozim. Axborot oqimi nihoyatda tezlashgan, texnologiyalar har kuni yangilanayotgan sharoitda pedagogning o‘zi ham izlanishdan to‘xtamasligi kerak.
Forumdagi tajriba almashinuvining yana bir muhim jihati — bilim va ko‘nikmalarni keng ommalashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilganidir.
— Respublika forumida olgan bilimlarimizni hududlardagi pedagoglarga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz. Bugun o‘rgangan tajribamizni ertaga Jizzax shahridagi maktab o‘qituvchilari bilan o‘rtoqlashamiz. Shunday qilib, bir maydonda boshlangan bilim almashinuvi yuzlab sinfxonalarga kirib boradi, — deydi Jizzax shahridagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zebo Sanaqulova.
Bu yondashuvning ahamiyati katta. Chunki bir maktabda samara bergan ilg‘or usul o‘sha ta’lim dargohi doirasida qolib ketmasligi kerak. Uning mohiyati, natijasi va amaliy mexanizmi o‘rganilib, boshqa maktablarga moslashtirilsa, bir pedagogning tajribasi butun hudud uchun imkoniyatga aylanadi.
Joriy forumda an’anaviy yondashuvdan voz kechilgani ham ana shu maqsad bilan uyg‘un. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi O‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti Dilorom Rasulova shunday dedi:
— Bu yil forumda ta’lim tizimining turli yo‘nalishlari uchun mas’ul rahbar xodimlar ham qamrab olindi. Asosiy e’tibor faqat fan metodikasiga emas, ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi barcha omillarni birgalikda ko‘rib chiqishga qaratildi.
Darhaqiqat, sifatni birgina metodika bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Bunda maktab muhiti, rahbarning boshqaruv madaniyati, pedagogning kasbiy tayyorgarligi, o‘quvchining ehtiyoji, ota-onaning munosabati, zamonaviy darslik va ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi ko‘plab omillar uyg‘unligi muhim.
Shu nuqtai nazardan, forum doirasida tashkil etilgan press-tur ham ta’lim jarayonidagi amaliy ishlar bilan tanishish imkonini berdi. OAV vakillari Jizzax shahridagi 19-umumiy ta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, birinchi sinfga qabul jarayoni hamda o‘quvchilarga “Prezident sovg‘alari”ni yetkazib berish ishlari bilan tanishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy o‘quv yilida viloyatdagi 571 ta umumta’lim maktabida birinchi sinfga 34 ming 523 nafar bolani qabul qilish rejalashtirilgan. Ularning barchasi uchun “Prezident sovg‘alari” yetib kelgan. Sovg‘a to‘plamidan o‘quv sumkasi, daftarlar, ruchka va qalamlar, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, o‘chirg‘ich, akvarel bo‘yoqlari, yelim va qalamdon kabi zarur o‘quv qurollari o‘rin olgan. Bu yil Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan to‘plamga bayram esdaligi sifatida brelok ham qo‘shilgan.
Bunday e’tiborning o‘zi ham ta’limga bo‘lgan yondashuv tobora o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Bola maktab ostonasiga qadam qo‘ygan birinchi kundanoq uning ta’lim olishi uchun zarur sharoit yaratish, ota-onasida ertangi kunga ishonch uyg‘otish muhim.
Press-tur davomida birinchi sinf o‘quvchilari uchun darslik majmualari ham taqdim etildi. Mutaxassislar yangi darsliklarning mazmun-mohiyati, o‘ziga xos jihatlari va ulardan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Tadbir o‘tkazilgan 19-umumta’lim maktabida 3 ming 710 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Yangi o‘quv yilida mazkur maktabning birinchi sinfiga 140 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan.
Forumning mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq ochib bergan jihat — tadbir yakunida tashkil etilgan matbuot anjumani bo‘ldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati va xodimlari, tuman va shahar bo‘limlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda OAV vakillari ta’lim sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Bugun “qancha tadbir o‘tkazildi?” degan savoldan ko‘ra, “ularning natijasi qanday bo‘ldi?” degan savol muhim. Zero, forumning haqiqiy samarasi uning zallarida emas, ertaga maktab sinfxonalarida ko‘rinadi. Seminarda o‘rganilgan yangi usul o‘quvchi bilimida namoyon bo‘lsa, mahorat darsi pedagogning kundalik faoliyatiga singsa, tajriba almashinuvi natijasida yana bir ustozning yondashuvi o‘zgarsa — ana shunda forum o‘z maqsadiga erishgan bo‘ladi.
Yangi o‘quv yili ostonasida Jizzaxda o‘tkazilgan V Ustozlar milliy forumi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Chunki sifatli ta’limni bir kunda, bir qaror yoki bir tadbir bilan yaratib bo‘lmaydi. U har kuni izlanadigan, o‘z ustida ishlaydigan, o‘quvchining qalbi va tafakkuriga yo‘l topa oladigan ustoz mehnati bilan barpo etiladi.
Ustoz izlansa — o‘quvchi yuksaladi. O‘quvchi yuksalsa — maktab kuchayadi. Maktab kuchaysa — jamiyatning intellektual poydevori mustahkamlanadi.
Ana shu oddiy, ammo hayotiy haqiqat V Ustozlar milliy forumining asl mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA