Deputatlik nazorati — xalq manfaatiga xizmat qiladigan amaliy mexanizm
Bugun mahalla faqat aholi yashaydigan hudud emas. U — insonning dardi eshitiladigan, muammosi aniqlanadigan, orzusi qo‘llab-quvvatlanadigan va tashabbusi ro‘yobga chiqadigan eng yaqin ijtimoiy maskanga aylanmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi ham aynan shu — inson qadrini yuksaltirish, aholi muammolarini quyi bo‘g‘inning o‘zida aniqlash va ularga amaliy yechim topish.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalla institutini yanada kuchaytirish, uni aholi bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin va samarali ko‘prikka aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Mahalla yettiligi” faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani ham ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Maqsud Muhammedovning mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda “Kalon” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazgan uchrashuvi ham ana shu jarayonning uzviy davomi bo‘ldi.
“Kalon” mahallasida 4 024 nafar aholi, 824 ta xonadon va 1 041 ta oila istiqomat qiladi. Bu raqamlar ortida esa minglab taqdirlar, turli ehtiyojlar, muammo va tashabbuslar mujassam.


Shu bois mahalladagi har bir oilaning holatini bilish, aholi murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmaslik, muammoni umumiy gaplar bilan emas, aniq manzil va aniq choralar asosida hal etish bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir.
Uchrashuvda “mahalla yettiligi” vakillari bilan fuqarolar bilan ishlash samaradorligini oshirish, aholi muammolarini tizimli o‘rganish va ularni bosqichma-bosqich amaliy hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Aslida mahalla faoliyati samarasini faqat o‘tkazilgan yig‘ilishlar yoki qabullar soni bilan emas, balki qancha insonning muammosi hal etilgani, qancha oilaning hayoti yaxshilangani bilan o‘lchash kerak.
Uchrashuvda hududda osoyishtalikni ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Profilaktika inspektori bilan suhbatda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, ayniqsa, yoshlar bilan manzilli ishlash yuzasidan fikr almashildi. Zero, jinoyat sodir bo‘lganidan keyin uning oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, uning ildizini oldindan aniqlash va oldini olish ancha samarali.
Buning uchun esa yoshlarni bo‘sh qoldirmaslik, ularning qobiliyati va qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va kasb-hunarga yo‘naltirish muhim. Uchrashuvda mahalla yoshlar yetakchisi tomonidan bildirilgan takliflar ham e’tiborga molik.


Xususan, hududda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etish, mahalla binosining ma’lum qismida yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish takliflari deputat tomonidan alohida e’tirof etildi. Bu takliflarga oddiy obodonlashtirish yoki navbatdagi to‘garak sifatida qarab bo‘lmaydi. Chunki yoshlar uchun yaratilgan har bir imkoniyat — kelajakka kiritilgan sarmoyadir.
Yoshlar kitob o‘qiydigan, til o‘rganadigan, sport bilan shug‘ullanadigan, yangi kasb egallaydigan muhitda ulg‘ayishsa, ularning hayotga munosabati ham, maqsadi ham boshqacha bo‘ladi. Shu ma’noda, “Yoshlar bog‘i” g‘oyasi mahallada yoshlarni birlashtiradigan, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etadigan va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan maskanga aylanishi mumkin.
Deputatning G‘ijduvondagi o‘rganishlari mahalla bilan cheklanib qolmadi. Maqsud Muhammedov tumandagi 24-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, ta’lim muassasasining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ham o‘rgandi.
Sovuq faslda bolalarning maktabda iliq, xavfsiz va qulay sharoitda ta’lim olishi — oddiy maishiy masala emas. Bu ta’lim sifatiga, o‘quvchilar salomatligiga va ta’lim jarayonining uzluksizligiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois deputat tashrifi davomida maktabning isitish tizimi, yoqilg‘i va energiya resurslari bilan ta’minlanganlik holati, moddiy-texnik bazasi, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda o‘quvchilar xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar sinchiklab ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar jarayonida maktab rahbariyati tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari namunaviy tashkil etilgani qayd etildi.


Maktabda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Fan to‘garaklari va sport mashg‘ulotlarining yo‘lga qo‘yilgani, kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilayotgani deputat tomonidan yuqori baholandi. Chunki zamonaviy maktabning vazifasi faqat o‘quvchiga bilim berish bilan cheklanmaydi. U bolaning dunyoqarashini shakllantiradi, iste’dodini kashf etadi, uni mustaqil fikrlashga, izlanish va katta maqsadlar sari intilishga o‘rgatadi. Kitob bilan do‘stlashgan, sport bilan shug‘ullangan, fanga qiziqqan yoshning kelajakda o‘z o‘rnini topish imkoniyati ham yuqori bo‘ladi.
Maktab xodimlari bilan suhbat davomida kuz-qish mavsumida issiqlik va energiya resurslaridan samarali foydalanish, mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash hamda o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar berildi. Bu esa bir haqiqatni yana bir bor ko‘rsatadi: ta’lim sifati sinfxonadagi darsdan boshlansa-da, uning natijasiga yaratilgan muhit ham katta ta’sir ko‘rsatadi. O‘quvchi o‘zini xavfsiz his qilsa, sinfxonasi iliq va yorug‘ bo‘lsa, zarur sharoitlar yaratilsa, u bilim olishga yanada ko‘proq intiladi.
Tashriflar yakunida ilgari surilgan takliflarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. Bu yerda eng muhim jihat — muammoni ko‘rishning o‘zi emas, uning yechimi ortidan borishdir.
Bugun deputat mahallaga kirib, aholi bilan suhbatlashadi. Ertaga aytilgan taklifning taqdiri nima bo‘lganini so‘raydi. Maktabdagi kamchilik aniqlansa, uning bartaraf etilgan-etilmagani ustidan nazorat o‘rnatadi. Ana shunda deputatlik nazorati qog‘ozdagi hisobot emas, xalq manfaatiga xizmat qiladigan amaliy mexanizmga aylanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri