Farmatsevtika tarmog‘i – jadal rivojlanayotgan va keng qamrovli yo‘nalish
Mamlakatimizda hozirgi kunda 13 828 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qiluvchi tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan 7 998 tasi asosiy dorixona, 5 830 tasi filial hisoblanadi. Bundan tashqari, 106 ta dori vositalarini tayyorlovchi tashkilot, 61 ta dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxona hamda 456 ta ulgurji realizatsiya qiluvchi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bunday keng ko‘lamli tizimda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi, dori vositalarining sifati, xavfsizligi va muomalasi ustidan samarali davlat nazoratini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, farmatsevtika sohasidagi har qanday qoidabuzarlik fuqarolarning salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bois Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan sohada davlat nazorati zamonaviy yondashuvlar asosida amalga oshirilmoqda. Nazorat tadbirlarining asosiy maqsadi tadbirkorlik sub’ektlarini jazolash emas, balki qonun ustuvorligini ta’minlash, halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, sifatsiz va xavfsizligi kafolatlanmagan dori vositalarining muomalaga kirib kelishining oldini olish hamda aholi manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
2026-yilning birinchi yarmida Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan respublika bo‘ylab 634 ta nazorat tadbiri amalga oshirildi. Ularning 125 tasi xavfni tahlil qilish tizimi asosida yuqori xavf darajasiga ega deb topilgan sub’ektlarda o‘tkazildi. Mazkur yondashuv nazorat tadbirlarini tasodifiy emas, balki xavf omillari yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirish imkonini bermoqda. Bu esa bir tomondan halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ortiqcha tekshiruvlarga tortilishini kamaytirsa, ikkinchi tomondan qonunbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan sub’ektlar ustidan samarali nazoratni ta’minlaydi.

Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baholandi. Xususan, sud qarorlari asosida 33 ta dorixonaning litsenziyasi bekor qilindi. E’tiborlisi, ushbu holatlarning 6 tasi dori vositalarining davlat tomonidan belgilangan narxlariga rioya qilinmagani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, 64 ta dorixona bo‘yicha litsenziyani bekor qilish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, mazkur ishlar hozirda ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, nazorat natijalariga ko‘ra 256 ta dorixonaga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari, 33 ta tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan moliyaviy ta’sir choralari qo‘llanildi. Hozirda yana 68 ta korxona faoliyatiga oid to‘plangan hujjatlar qonunchilikka muvofiq tegishli choralarni ko‘rish uchun sudga taqdim qilingan.
Nazorat natijalari sohada faqat kamchiliklar mavjudligini anglatmaydi. O‘rganishlar yakunida 30 ta tadbirkorlik sub’ektida qonunchilik talablari to‘liq bajarilgani aniqlanib, ularga nisbatan hech qanday huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilmadi. Bu esa amaldagi talablar asosida faoliyat yuritayotgan halol tadbirkorlar soni ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi nazorat faoliyatida profilaktikaga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Tadbirkorlarga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan muntazam tushuntirishlar berilishi, metodik ko‘mak ko‘rsatilishi va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar nazoratning ajralmas qismi hisoblanadi. Zero, qonunbuzarlikni sodir etilgandan keyin aniqlashdan ko‘ra, uning oldini olish ancha samarali hisoblanadi.
Bugungi kunda farmatsevtika bozori jadal rivojlanib borayotgan bir paytda nazoratning zamonaviy, shaffof va xavfga asoslangan mexanizmlarini qo‘llash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu tizim bir tomondan halol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchi tomondan qonun talablarini mensimasdan faoliyat yuritayotgan sub’ektlarga nisbatan muqarrar huquqiy choralar ko‘rilishini ta’minlaydi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati ushbu tahliliy ma’lumotlarni taqdim etish asnosida nazorat tadbirlari bundan buyon ham izchil davom ettirilishini bildirdi. Qayd etilganidek, ushbu faoliyatning bosh maqsadi tadbirkorlarni jazolash emas, balki farmatsevtika sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va eng muhimi, fuqarolarning hayoti hamda salomatligini ishonchli himoya qilishdan iborat.
Mohigul Qosimova, O‘zA