Alimentdan bo‘yin tovlaganlarga jazo muqarrar
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlariga yo‘llanilayotgan murojaatlarning qariyb 70 foizini aliment bilan bog‘liq masalalar tashkil etadi. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz tomonidan shu yil 13-martda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida aliment pullarini hisoblash va to‘lash tartib-taomillari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, byuroning Namangan viloyati boshqarmasi Uychi tumani bo‘limi ish yurituvida ayni vaqtda 2 ming 303 ta aliment hujjati mavjud. Joriy yilning o‘tgan davrida olib borilgan ijro harakatlari davomida 4,2 milliard so‘m aliment pullari undirib berilishi ta’minlandi.
Biroq olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirishlardan so‘ng ham ayrim mas’uliyatini unutgan otalar hali-hanuz ham farzandi moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelmoqda. Ana shunday shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudi bilan hamkorlikda sayyor sudlar o‘tkazilmoqda.
Yaqinda MIB tuman bo‘limida jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudi ishtirokida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida voyaga yetmagan, moddiy yordamga muhtoj farzandlar ta’minotidan bo‘yin tovlagan 15 nafar qarzdorga oid ma’muriy ishlar ko‘rib chiqildi. Natijada, shu joyning o‘zida ikki shaxs aliment qarzdorligini to‘liq to‘lab, farzandi oldidagi majburiyatini bajardi.
Qolgan 13 fuqaroga nisbatan sud tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Jumladan, qarzdor A. B. undiruvchi X. R. foydasiga har oy daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment to‘lashi belgilangan bo‘lsa-da, majburiyatni bajarmagan. Oqibatda uning aliment qarzi qariyb 39 million so‘mga yetgan. Sud qarzdorni 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga tortdi.
Aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish farzand taqdiri va kelajagi uchun muhimdir. Shundan ekan o‘z bolasining kelajagiga befarq bo‘lmagan otalar dilbandining moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlamasliklari kerak.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri