Inson taqdirini o‘zgartirayotgan mehr va mas’uliyat
Har bir inson baxtli hayot kechirishni istaydi. Ammo hayot yo‘llari hamma uchun ham birdek kechmaydi. Kimdir salomatligidan ayriladi, kimdir yaqinini yo‘qotadi, yana kimdir nogironligi yoki og‘ir turmush sharoiti tufayli kundalik hayotda boshqalarning ko‘magiga muhtoj bo‘ladi. Ana shunday insonlar uchun eng muhimi moddiy yordam emas, balki ularni tushunadigan, dardiga quloq tutadigan insonning borligidir.
Shunday paytlarda ularning eshigini ijtimoiy xodim taqillatadi. Uning vazifasi faqat hujjat rasmiylashtirish yoki xizmat ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. Ijtimoiy xodim inson taqdiriga daxldor bo‘ladi, muammolarni o‘rganadi, yechim izlaydi, zarur tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Ayrim hollarda ruhiy dalda, ayrim hollarda esa hayotga ishonch bag‘ishlaydi.

Shahrisabz shahrining Qorasuv mahallasida 2025-yil yanvar oyidan buyon faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Shahnoza Ismatovaning mehnati ana shunday xayrli ishlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 3 ming 400 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan mahallada u tomonidan 45 dan ziyod oila bo‘yicha “Ijtimoiy ish” keyslari ochilib, har biri uchun individual rejalar asosida manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Shulardan biri I guruh nogironligi bo‘lgan, ko‘zi ojiz Laziz Jo‘rayev oilasidir. Ijtimoiy xodim tomonidan oilaning ijtimoiy ahvoli o‘rganilib, ularning “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgani inobatga olindi. Fuqaroning mustaqil harakatlanishini yengillashtirish maqsadida maxsus hassa bilan ta’minlandi. “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida uyda parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilib, turmush o‘rtog‘i qarovchi sifatida biriktirildi.

Shu bilan birga, turmush o‘rtog‘i Gulchehra Jo‘rayeva uchun uy sharoitida patir va qatlama tayyorlab sotish imkoniyati yaratildi. Savdo nuqtalari bilan hamkorlik o‘rnatilishi orqali oilaning daromad manbai shakllantirildi. Bugungi kunda Laziz Jo‘rayev elektr ustasiga shogird sifatida biriktirilgan bo‘lib, uyidagi oddiy elektr ta’mirlash ishlarini mustaqil bajara oladi. Bu esa unda kasbiy ko‘nikmalar shakllanayotganidan dalolat beradi.

Mahallada istiqomat qiluvchi II guruh nogironligi bo‘lgan Dilobar Xurramova hayotida ham ijtimoiy xizmatlar muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ishsiz bo‘lgan fuqaro murojaati asosida uning imkoniyatlari o‘rganilib, maxsus ijtimoiy loyiha ishlab chiqildi.

Ushbu tashabbus asosida nogironligi bo‘lgan hamda “Ijtimoiy reyestr”da turgan oilalarning besh nafar xotin-qizi ishtirokida mental arifmetika to‘garagi tashkil etildi. Natijada ishtirokchilar yangi kasb-hunarni egallab, daromad topish imkoniga ega bo‘lishdi. Dilobar Xurramova ham aynan shu loyiha orqali ish bilan ta’minlanib, hozirda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida mehnat qilmoqda.

Bu kabi misollar ijtimoiy himoya tizimi faqat nafaqa yoki moddiy ko‘mak berish bilan cheklanmasdan, insonlarning mustaqil hayot kechirishi, mehnat qilishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, har bir hal etilgan muammo ortida inson taqdiri, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va yangi imkoniyatlari mujassam.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri