Mahallalarda yangi boshqaruv tizimini joriy etish masalalari muhokama markazida
Ayni damda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan Prezidentimizning "Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyatini mahallalarda keng targ‘ib qilish hamda uning ijrosini samarali ta’minlash maqsadida "mahalla yettiligi" a’zolari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazilmoqda.
Farmon bilan Mahalla faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi. "Mahalla yettiligi" a’zolari faoliyatini samarali tashkil etish, ularga o‘z vazifalarini lozim darajada amalga oshirishi uchun uslubiy ko‘maklashish, mahallalarda aholi muammolarini hal qilish yuzasidan idoralararo hamkorlikni ta’minlash kabilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Tadbir davomida mahalla boshqaruvining yangi tizimi, "yettilik"ning vakolat va mas’uliyati, mahalla taraqqiyotini ta’minlashda davlat organlari hamda jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.
[gallery-30281]
Dasturga muvofiq, ishtirokchilarga farmon mazmun-mohiyati, mahalla raisining strategik rahbar sifatidagi o‘rni, fuqarolar yig‘inlarining moliyaviy imkoniyatlari, hokim yordamchisining mahalla iqtisodiyotini rivojlantirishdagi vazifalari, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim hamda soliq inspektorining o‘zaro hamkorligi yuzasidan amaliy tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek, seminar davomida "mahalla yettiligi" faoliyatida yagona jamoaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish, har bir a’zoning mas’uliyatini oshirish hamda aholi muammolarini manzilli hal etishga qaratilgan samarali mexanizmlar yuzasidan fikr almashilmoqda.
Nazokat Usmonova,
Nosirxon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari