Farg‘onada yangi turar-joy majmuasi qurilishi davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan “Besh Bola Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy turar-joy majmualarini barpo etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
2022-yilda tashkil etilgan MCHJ qisqa vaqt ichida Farg‘ona shahrida qariyb ming xonadondan iborat uchta yirik turar-joy majmuasi hamda Marg‘ilon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 100 xonadonli turar-joy majmuasini barpo etib, foydalanishga topshirdi.
Ayni paytda korxonada 500 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar yana 500 ta xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu esa qo‘shimcha 200 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Kompaniya tarkibidagi “Besh Bola Beton” zavodida yetti turdagi beton mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida Xitoydan qiymati 2 million AQSH dollariga teng zamonaviy uskunalar olib kelinib, ishga tushirildi.
[gallery-30548]
Bugungi kunda zavod mahsulotlari viloyatdagi qurilish tashkilotlarining qariyb 60 foizi tomonidan qo‘llanilmoqda. Shuningdek, kompaniya qurilayotgan uy-joylarda ishlatiladigan qurilish materiallarining 70 foizini o‘z korxonalarida ishlab chiqarmoqda.
Hozirda kompaniyaning asosiy loyihasi Farg‘ona shahridagi Besh bola mahallasi hududida barpo etilayotgan “Besh bola nur kompleksi” hisoblanadi. Loyiha doirasida 38 ta besh qavatli turar-joy binosi qurilmoqda.
Majmua hududida bolalar maydonchalari, favvoralar, masjid, avtoturargohlar va ko‘kalamzorlashtirilgan dam olish hududlarini barpo etish ham rejalashtirilgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA