Yoshlar kelajakni yaratuvchi kuchdir
Toshkent davlat Agrar universitetida O‘zLiDePning “Yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida navbatdagi ochiq muloqot va amaliy muhokama tadbiri tashkil etildi.
Partiya Toshkent viloyat Kengashining “Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi” tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, faol talabalar, yosh tashabbuskorlar hamda startap g‘oyalari ustida ish olib borayotgan iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.

Muloqotlar davomida talabalar tomonidan AgroTech & FoodTech — qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, EdTech — ta’lim, FinTech — moliya, HealthTech — sog‘liqni saqlash, GreenTech & Climate — energiya samaradorligi va ekologik yechimlar, TourismTech & Culture — turizm sohalariga oid qator innovatsion startap loyihalar taqdim etildi. Barcha ilgari surilgan tashabbuslar orasida sun’iy intellekt asosida qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalar, raqamli ta’lim platformalari, fermerlar uchun moliyaviy xizmatlarni yengillashtiruvchi mobil ilovalar, ekologik muammolarga qaratilgan “yashil” yechimlar hamda ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qiluvchi raqamli platformalar keng muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari har bir loyiha yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, startaplarni amaliy qo‘llab-quvvatlash, investorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yoshlarni biznes muhitiga olib kirish masalalari atroflicha muhokama qildi. Universitet professori, Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi partiya deputati Sardor Avazov bugungi kunda dunyodagi eng katta boylik tabiiy resurslar emas, balki g‘oya va innovatsiya ekanini ta’kidladi.

Yakunda yoshlarning innovatsion fikrlashini qo‘llab-quvvatlash, ularning startap tashabbuslarini amaliy loyihalarga aylantirish va tadbirkorlik ekotizimiga integratsiya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
A. Musayev, O‘zA.