Akademik bilan dildan suhbat
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Jahon fiziologlar jamiyati akademigi, Rim universiteti faxriy professori, Rossiya Fanlar akademiyasining I.Pavlov nomidagi oltin medali sohibi, bir necha ilmiy jamiyatlarning a’zosi, biologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi direktori, akademik Bakriddin Zaripov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetning Biologiya fakultetida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar, tayanch doktorantlar, doktorantlar, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoga mashhur olim, akademik B.Zaripov so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarning bilimli bo‘lishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi va xorijdagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga keng to‘xtaldi. Shuningdek, yoshlarga o‘zining hayot va mehnat yo‘li haqida, tayyorlagan shogirdlari va bugungi kundagi faoliyati haqida ma’lumot berdi.

Sharq faylasufi Konfutsiy ta’kidlaganidek, bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘i tundir. Negaki, ilm insoniyatni yuksaklikka ko‘tarsa, bilimsizlik uni faqat tubanlik, jarlik sari yetaklaydi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohadagi dolzarb masalalar hal etilib, ilmiy-tadqiqot faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yangi ilmiy muassasalar va yo‘nalishlar tashkil etilishi shular jumlasidan. Ta’kidlash joizki, akademik B.Zaripov AQSH, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida sohasi bo‘yicha dars bergan.

Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar va talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Kelgusida akademik magistrlarni, izlanuvchilarni tegishli magistrlik, doktorlik (PhD, DSc) ilmiy tadqiqot ishlarini o‘zaro hamkorlikda olib borishi bo‘yicha ham kelishib oldi.
Tadbir yakunida akademik o‘z muallifligida nashr etilgan monografiya va kitoblar to‘plamini universitetning Axborot resurs markaziga topshirdi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv barchada katta taassurot qoldirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.