“O‘zbekko‘mir”da korrupsiyaga qarshi kurashish ustuvor vazifa
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifing tashkil etildi. Unda Komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati komplayens inspektori Murodjon Abduraimov ishtirok etib, jamiyatda 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, tizimda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda bu boradagi ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyunda qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur tashkilotning ijro apparati va tarkibiy filiallarida “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Maishiy korrupsiya ko‘rinishlari hamda ularning oldini olish – vazifamiz!” mavzularida profilaktik davra suhbatlari tashkil etildi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan lavozimlarda ishlovchi xodimlardan korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilmaslik, tanish-bilishlik va qarindosh-urug‘chilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kafolat xatlari olindi.

Joriy yilning birinchi choragi davomida 5 ming 700 dan ortiq deklaratsiyalar tahlil qilinib, 1 ta mavjud hamda 4 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlandi. Natijada bir holatda xodim o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuv bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf etildi. Shuningdek, ikki holatda xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish orqali ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bartaraf qilindi, yana ikki holat yuzasidan tegishli ishlar davom etmoqda.
Deklaratsiyalarni o‘rganish jarayonida tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etayotgan 4 nafar xodimga manfaatlar to‘qnashuvi xavfi yuzasidan tushuntirish berildi. Natijada ulardan 3 nafari tadbirkorlik sub’ektlaridagi ta’sischilik va rahbarlik faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, 1 nafar xodim o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagan.
Brifingda Prezidentimizning 2022-yil 11-maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiya xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida jamiyat markaziy apparati va tarkibiy filiallar faoliyatining 16 ta funksiyasi bo‘yicha korrupsiya xatarlarni aniqlash va baholash ishlari amalga oshirilgani ham ma’lum qilindi.

Hisobot davrida tarkibiy filiallarda maishiy korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvi sabablari va uning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan 7 ta profilaktik tadbir, davra suhbati va seminarlar o‘tkazildi. Ularda aniqlangan holatlar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, Komplayens-nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan kelib tushgan murojaatlar hamda aniqlangan holatlar yuzasidan 3 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada ortiqcha hisoblangan mablag‘larni undirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi va mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. Shu bilan birga, bir holat yuzasidan to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Brifing davomida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali kelib tushgan ma’lumotlar asosida 6 nafar xodim faoliyati tahlil qilingani aytildi. Tahlillar natijasida ayrim xodimlarning qo‘shimcha mehnat faoliyati yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
Yakunda jamiyat tarkibiy filiallarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, deklaratsiyalarni muntazam tahlil qilish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
A. Musayev, O‘zA.