Fan olimpiadalari adolatli va shaffof o‘tkaziladi
Joriy yil 15-oktabrda mamlakatimizda asosiy fan olimpiadalarining tuman, shahar bosqichlari boshlanishi belgilangan. Ana shu jarayonlarni belgilangan talablar asosida, adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash bo‘yicha Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma tuman, shahar bo‘limlarining fan olimpiadasi o‘tkazilishiga mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
O‘quv seminar ochilishida so‘z olgan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Mirzayev bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish xususida gapirdi.


Seminarda Respublika fan olimpiadalari markazi mas’ul xodimi F.Obilov olimpiadaning tuman, shahar bosqichini tashkil etish, o‘tkazish tartib va jarayonlari yuzasidan keng tushuncha va ma’lumotlar berdi.

Xususan, belgilangan tartib va baholash mezonlariga rioya etish, jarayonlarning shaffofligini ta’minlash hamda hududiy mas’ullarning vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
Faxriddin Ubaydullayev
O‘zA muxbiri