Elektron doskalar Farg‘onada ishlab chiqariladi
Janubiy Koreyaning “AHA Co., LTD” kompaniyasi Farg‘onaning Ekoshahar hududida 20 million dollar qiymatga ega loyihani amalga oshirmoqda.
Bu yerda ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Koreyalik investorning loyihani hayotga tatbiq etishdagi faolligi va mas’uliyati, yangi hamkorlarni jalb etish hamda investitsiyaviy muhitni kengaytirish borasidagi tashabbuslari Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda alohida e’tirof etildi.
Kompaniya rahbari Ku Gi Do ekoshaharda olib borilayotgan loyihaning qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichga kelganini va ishlab chiqarish korxonasi sentabr oyida ishga tushirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ta’lim va axborot texnologiyalari sohalariga grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Muloqot davomida loyihani yakunlash va ishga tushirish bilan bog‘liq ayrim masalalar ko‘rib chiqildi.
Yaqin kunlarda mamlakatimiz maktablari uchun elektron doskalar Farg‘onada tashkil etilgan yangi korxonada ishlab chiqarilib, ta’lim muassasalariga yetkazib beriladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri