Elektr energiyasidan foydalangach, haqini to‘lashni ham unutmaslik lozim
Bugun elektr energiyasi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Korxona va tashkilotlar faoliyati, tadbirkorlik sub’ektlarining ishlashi, aholi turmushi, ishlab chiqarish jarayonlari — barchasi barqaror energiya ta’minoti bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois elektr energiyasidan oqilona va qonuniy foydalanish nafaqat shaxsiy mas’uliyat, balki jamiyat va davlat oldidagi muhim burch hamdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan energetika sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilib, elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish hamda iste’molchilarning mas’uliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Biroq ayrim holatlarda elektr energiyasidan qonunga xilof ravishda foydalanishga urinishlar uchrayotgani achinarli.
Buxoro shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida aniqlangan holat ham bu boradagi talablarga beparvolik qanday katta zararga olib kelishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatdi.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida yakka tartibdagi tadbirkor U.F.ga qarashli noturar binoda elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish holati aniqlangan. Ya’ni elektr energiyasidan belgilangan tartib va qonun talablariga rioya etilmagan holda foydalanib kelingan. Eng hayratlanarlisi, mazkur qoidabuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 832 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Bu zarar summasi — shunchaki raqam emas. Bu mablag‘ ortida energiya tizimining barqaror ishlashi, tarmoqlarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ulkan mehnat va resurslar mujassam.
Elektr energiyasini noqonuniy o‘zlashtirish bir qarashda “shaxsiy manfaat”dek tuyulishi mumkin. Ammo uning zarari jamiyat uchun umumiydir. Chunki bir sub’ektning qonunni chetlab o‘tishi — halol to‘lov qilayotgan boshqa iste’molchilar manfaatiga, energetika tizimi barqarorligiga va iqtisodiy intizomga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar uchun qonuniylik va mas’uliyat masalasi yanada muhim. Tadbirkorlik — avvalo, qonunga rioya qilish, belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va jamiyat oldidagi majburiyatlarni sidqidildan bajarish demakdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyotda yashirin aylanmalarni qisqartirish, resurslardan samarali foydalanish, tadbirkorlik muhitini sog‘lomlashtirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Energetika sohasidagi nazorat tadbirlari ham ana shu vazifalarning amaliy ifodasidir.
Bunday holatlar bir haqiqatni yana bir bor eslatadi: elektr energiyasi — xohlagancha foydalanib, xohlagancha haqini to‘lamay qo‘yadigan oddiy resurs emas. U mamlakat iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biridir.
Shuning uchun har bir iste’molchi, ayniqsa, tadbirkorlik sub’ekti energiya resurslaridan foydalanishda qonun talablariga qat’iy amal qilishi zarur. Tejamkorlik va halollik nafaqat ortiqcha xarajatlarning oldini oladi, balki butun energetika tizimining barqarorligiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri