“El-yurt umidi” jamg‘armasi Gonkong universiteti bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Bugungi kunda yoshlarning dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallash, xalqaro tajriba orttirish hamda o‘z salohiyatini global maydonda namoyon etish uchun bunday hamkorliklar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktorining birinchi o‘rinbosari Davron Abdurashidov Xitoyga amalga oshirgan xizmat safari davomida dunyoning yetakchi universitetlaridan biri — University of Hong Kong rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi, deyiladi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ma’lumotida.
Kelishuv bir qator ta’lim va tadqiqot tashabbuslarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Xususan, sun’iy intellekt, robototexnika, kiberxavfsizlik va dron texnologiyalari kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Hamkorlik doirasida tomonlar O‘zbekiston davlat xizmatchilari uchun maqsadli stajirovkalar tashkil etish, shuningdek, bakalavriat, magistratura va PhD bosqichi talabalari uchun yangi ta’lim loyihalarini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda sog‘liqni saqlash sohasida stajirovkalar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Kelishuvlarning alohida bir qismi "University of Hong Kong"da “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari ulushini kengaytirishga qaratilgan. Tomonlar ta’lim dasturlarini birgalikda moliyalashtirish mexanizmni kelishib oldi, bu esa mazkur universitetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik iqtidorli yosh mutaxassislar sonini oshirish imkonini beradi.
Tashrif doirasida jamg‘arma vakillari Gonkongda tahsil olayotgan stipendiatlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda ularning o‘qishi, ilmiy faoliyati, yashash sharoitlari hamda xalqaro akademik muhitga moslashish masalalari muhokama qilindi. Jamg‘arma rahbariyati talabalarning akademik o‘zlashtirishini monitoring qilib, ularning takliflari hamda kelgusidagi kasbiy rivojlanish rejalari bilan ham tanishdi.
M. Hojiakbarova, O‘z