DXX kubogi: 3-tur oldidan kimlar peshqadam?
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogining mini-futbol bo‘yicha qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqasida 2-tur uchrashuvlari yakunlandi. Natijalardan so‘ng guruhlardagi vaziyat yanada qizg‘in tus oldi.
“Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida o‘tayotgan musobaqaning qizlar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarida “A” guruhida Farg‘ona viloyati jamoasi Surxondaryoni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Jizzax viloyati esa Qashqadaryoni 2:0 hisobida yengdi. Shu tariqa, Farg‘ona viloyati ikki uchrashuvdan keyin 6 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilmoqda. Jizzaxda 3, Surxondaryo va Qashqadaryoda esa 1 ochkodan bor.
“B” guruhida Xorazm viloyati Andijonni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu guruhda Toshkent shahri va Xorazm viloyati 3 ochkodan jamg‘argan bo‘lsa, Andijon viloyati jamoasi hamon ochkosiz qolmoqda. “C” guruhida Samarqand viloyati Namanganni 3:1 hisobida yengdi. Ayni paytda Sirdaryo va Samarqand 3 ochkodan jamg‘argan holda yuqori o‘rinlarni egallab turibdi. Namangan ikki uchrashuvda ham mag‘lub bo‘ldi.
“D” guruhida Toshkent viloyati Buxoroni 2:0 hisobida yengib, ikki o‘yindan so‘ng 6 ochko bilan yakka peshqadamga aylandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi esa Navoiy viloyatini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 3 ochkodan mavjud bo‘lsa, Navoiyda ochko yo‘q.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida ham 2-tur bahslari murosasiz kechdi. Xususan, “A” guruhida Toshkent viloyati Navoiyni 2:0 hisobida yenggan bo‘lsa, Jizzax viloyati Samarqand ustidan 9:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Toshkent viloyati 6 ochko bilan peshqadam. Navoiy va Jizzaxda 3 ochkodan mavjud.

“B” guruhida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Farg‘ona viloyatini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Namangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 3 ochkodan jamg‘argan holda yuqori o‘rinlarni egallab turibdi. “C” guruhida Toshkent shahri Buxoro viloyatini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Poytaxt jamoasi bir o‘yindan keyin 3 ochko bilan peshqadam. Buxoro ham 3 ochkoga ega.
“D” guruhida Sirdaryo va Andijon 3:3 hisobida durang o‘ynadi. Qashqadaryo esa Xorazmni 2:1 hisobida yengdi. Sirdaryo 4 ochko bilan guruh peshqadami bo‘lib turibdi. Qashqadaryo va Xorazmda 3 ochkodan, Andijonda 1 ochko bor.

Bugun 3-tur bahslari o‘tkaziladi:
Qizlar o‘rtasida Navoiy — Buxoro, Toshkent viloyati — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax — Surxondaryo, Farg‘ona — Qashqadaryo, Toshkent shahri — Andijon, Sirdaryo — Samarqand uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Xorazm — Sirdaryo, Andijon — Qashqadaryo, Jizzax — Toshkent viloyati, Navoiy — Samarqand, Namangan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo — Toshkent shahri bahslari o‘tkaziladi.
Bugungi uchrashuvlardan so‘ng guruh bosqichining yakuniy natijalari va keyingi bosqichga yo‘l oladigan jamoalar nomi ma’lum bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA