Dual ta’limda qaysi kasblar yetakchilik qilmoqda?
Bugun kasb-hunar egallashda faqat auditoriyada o‘tirib, nazariy bilim olishning o‘zi yetarli emas.
Zamonaviy mehnat bozori ish jarayonini biladigan, o‘z kasbi bo‘yicha amaliyotga ega mutaxassislarni talab qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, o‘quvchining ta’lim muassasasidagi bilimini korxonadagi real ish jarayoni bilan bog‘laydigan dual ta’lim tizimi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xo‘sh, bugun texnikumlarda tahsil olayotgan yoshlarning qanchasi o‘qish bilan birga amaliyotda ham kasb egallayapti? Qaysi kasblarga talab yuqori? Dual ta’lim qamrovini oshirish bo‘yicha qanday maqsad qo‘yilgan?
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, hozirda 679 ta texnikumda tahsil olayotgan 442 227 nafar o‘quvchilardan 60 mingdan ortig‘i — dual ta’limga qamrab olingan. Demak, hozircha texnikum o‘quvchilarining qariyb har yettinchisigina ta’limni bevosita amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan. Biroq belgilangan maqsad ancha yuqori.
2030-yilga qadar texnikum o‘quvchilarining 40 foizini dual ta’limga qamrab olish rejalashtirilgan. Bu esa amaldagi 13,7 foizlik ko‘rsatkichni sezilarli darajada oshirishni talab etadi.
Dual ta’limda qaysi kasblar yetakchilik qilmoqda?
Dual ta’limda tahsil olayotgan 60 654 nafar o‘quvchining deyarli yarmi — 27 962 nafari uchta kasb va mutaxassislikka to‘g‘ri keladi.
Jumladan:
— maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi — 10 931 nafar;
— avtomobillarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish — 9 131 nafar;
— tikuvchi — 7 900 nafar.
Shunday qilib, ushbu uch yo‘nalishning o‘zi dual ta’limdagi jami o‘quvchilarning 46,1 foizini qamrab olgan.
Dual ta’limning bugungi holati hududlar, texnikumlar, ta’lim bosqichlari, kasb va mutaxassisliklar kesimida tahlil qilingan.
Qayd etilishicha, 2030-yilgacha texnikum o‘quvchilarining 40 foizini dual ta’limga jalb etishdan iborat.
Bu vazifa nafaqat qamrovni oshirishni, balki texnikumlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, o‘quvchilar uchun amaliy ta’lim bazasini kengaytirish hamda mehnat bozori talabiga mos kadrlar tayyorlashni taqozo etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA