“Dolzarb 40 kunlik”: aholi daromadini oshirish choralari ko‘rilmoqda
Davlatimiz rahbari raisligida so‘nggi videoselektor yig‘ilishida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi vakillari Farg‘ona va Andijon viloyatlarida bo‘lib turishibdi.
Tashrif davomida mamlakatimizda e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida hududlardagi qator mahallalarda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, aholi va tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar bevosita joylarga chiqqan holda o‘rganildi.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan har bir mahalla bankiriga ko‘pi bilan 3 tagacha mahalla biriktirilishi va ular bevosita aholi xonadonlariga kirib, mikromoliya xizmatlarini yaqinlashtirish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmasi ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tizim asosida mahalla bankirlari xonadonbay va mijozbay ishlash orqali har bir hududning drayver sohalarini aniqlash, ehtiyojmand aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasida tizimli choralar ko‘rmoqda.


O‘rganishlar davomida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
Aholi bandligini ta’minlash: Yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va kichik biznes tashabbuslarini imtiyozli moliyaviy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlash;
Tomorqadan samarali foydalanish: Aholi egaligidagi va ajratilgan ijara yer maydonlaridan unumli foydalanish, ko‘chatchilik va issiqxona xo‘jaliklarini kengaytirish orqali mahsulot yetishtirish hajmini oshirish;
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili: Hududlarning o‘ziga xos ixtisoslashuvidan kelib chiqib, dehqonchilik, hunarmandchilik va ishlab chiqarish yo‘nalishlarini zanjirli tarzda tizimli rivojlantirish.

Tashrif yakunida Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi daromadlarini muttasil oshirish, kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga zamonaviy hamda qulay bank xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha mas’ullarga aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Bank axborot xizmati