Xorazmda xalqlar do‘stligi kunlari davom etmoqda
"30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni" munosabati bilan "Do‘stlik" haftaligi doirasida Urganch tumani Komiljon Otaniyozov mahallasi hamda Tuproqqal’a tumanining Sarimoy mahallalarida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda Xorazm viloyati hokimligi, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining viloyat bo‘linmasi, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastur davomida “Uch avlod uchrashuvi”, “Sog‘lom tan – sog‘lom tafakkur” shiori ostida sport musobaqalari hamda “Do‘stlik ohanglari” nomli konsert dasturi tashkil etildi.

– Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya namoyandalari do‘stlik va totuvlik muhitida ahil-inoq yashab kelmoqda, – deydi Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining viloyat bo‘linmasi rahbari Kamolbek Jumaniyozov. – Ular orasida tinchlik, birdamlik va bag‘rikenglik tamoyillari mustahkam qaror topgan. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan ushbu sana millatlararo munosabatlarga berilayotgan yuksak e’tibor ramzi sifatida an’anaviy bayram tarzida keng nishonlanmoqda.


Mazkur tadbirlar xalqimiz orasida o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va umumiy Vatanga sadoqat g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri