Ko‘lda xavfsizlik — ustuvor vazifa
Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, suv transportidan xavf-xatarsiz foydalanish madaniyatini yuksaltirish hamda ehtimoliy baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom etmoqda.
Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi tashabbusi bilan Forish tumani hududida joylashgan Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilar ishtirokida navbatdagi nazorat-profilaktik tadbir tashkil etildi. Unda mutasaddi idoralar va hamkor tashkilotlar vakillari ham ishtirok etishib, suv havzalarida xavfsizlik talablariga so‘zsiz amal qilishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratishdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish tartibi atroflicha tushuntirildi. Xususan, har bir shaxs qutqaruv nimchasidan majburiy tarzda foydalanishi, kemalar birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan jihozlangan bo‘lishi, ularni faqat tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega shaxslar boshqarishi shartligi ta’kidlandi. Shuningdek, mast holatda kema boshqarish inson hayoti va atrofdagilar xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi bois bunday harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Mutasaddilar tomonidan xavfsizlik talablarini buzish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirilib, suv havzalarida ehtiyotkorlik, shaxsiy mas’uliyat va belgilangan qoidalarga qat’iy rioya etish har bir fuqaroning burchi ekani qayd etildi.

Mamlakatimizda suv ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash, kichik hajmli kemalardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish va fuqarolar hayotini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan huquqiy asoslar bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-sentabrda qabul qilingan 540-sonli qarori sohada mutlaqo yangi talablarni belgilab berdi. Ushbu hujjatga muvofiq suv transporti vositalaridan xavfsiz foydalanish, ularni zamonaviy nazorat vositalari bilan jihozlash hamda profilaktik nazorat tadbirlarini kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Aydar–Arnasoy ko‘llar tizimida o‘tkazilayotgan bunday profilaktik tadbirlar ham mazkur qaror ijrosini ta’minlash, suv havzalarida huquqbuzarliklar va baxtsiz hodisalarning oldini olish, eng muhimi, inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilmoqda. Zero, suvda xavfsizlik qoidalariga og‘ishmay amal qilish har qanday baxtsiz hodisaning oldini olishning eng samarali kafolatidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri