O‘zbekiston va Yaponiya: farmatsevtika sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Abdulla Azizov mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb etish, innovatsiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan texnologiyalar transferi, ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va investitsiya loyihalari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tajribasi taqdim etildi. O‘z navbatida, JICA vakillari sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan texnik ko‘mak dasturlari, mutaxassislar malakasini oshirish, bilim va tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda innovatsion loyihalarni birgalikda rivojlantirish yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
M.Qosimova, O‘zA