“Diplomacy Journal”da O‘zbekistonda o‘tadigan Yosh parlament a’zolarining global konferensiyasi haqida yozildi
Janubiy Koreyaning nufuzli “Diplomacy Journal” nashrida joriy yil 4-6-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi o‘tkazilishi yuzasidan maqola e’lon qilindi.
183 mamlakat, 15 xalqaro tashkilot hamda qariyb 50 nafar doimiy kuzatuvchi hamda 300 ga yaqin delegat ishtirok etishi kutilayotgan konferensiya dasturidan oltita sessiya o‘rin olgan bo‘lib, ularda zamonaviy dunyoda yoshlarning maqomi va huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Anjuman doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha uchinchi global forumini o‘tkazish ham rejalashtirilgan, deb yozadi “Diplomacy Journal” nashri.
Forumda Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishda parlamentlar va parlamentlararo hamkorlikning o‘rni hamda global kun tartibini amalga oshirishda yoshlarning ishtirokini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
N.Abduraimova, O‘zA