Olmaliqda Mustaqillik ayyomi katta tantana bilan nishonlandi
Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ sanasi yurtimizning barcha hududlarida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanmoqda. Mazkur shonli sana munosabati bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sport majmuasida ham tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda kombinat ishchi-xodimlari, shahar korxona va tashkilotlari vakillari, faxriylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Dastlab so‘zga chiqqan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursandov barchani bayram bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash, yurt taraqqiyoti va osoyishtaligini mustahkamlashdek ezgu maqsadlar mujassam.
Ayni paytda sanoat korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan yirik strategik investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish quvvatlarining bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani korxonaning mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Joriy yilda o‘zining 65 yillik qutlug‘ to‘yini nishonlayotgan Mis boyitish fabrikasi jamoasi uchun ham samarali mehnat va ulkan yutuqlar yili bo‘lmoqda. Keyingi yillarda fabrikada ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish, energiya va resurslardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari kengayib, mehnat unumdorligi va samaradorlik ko‘rsatkichlari izchil oshib bormoqda.
Tadbirda Olmaliq shahri hokimi Barhayot Meliyev ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga o‘zining bayram tilaklarini bildirdi.

Tantanali tadbir davomida Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh kombinat ishchi-xodimlari hamda Olmaliq shahridagi korxona va tashkilotlar vakillari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, kombinatning ilg‘or ishchi-xodimlariga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Jumladan, Mis boyitish fabrikasi Yanchish va flotatsiyalash sexi maydalagichi Mirzakaram Abduraimov “Mehnat shuhrati” ordeni, Ta’mirlash-mexanika bo‘limi tokari Nasiba Atabayeva esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu yuksak mukofotlar, avvalo, o‘z kasbiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, korxona taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan insonlar mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Bayram dasturi madaniy-badiiy chiqishlarga boy bo‘ldi. “Metallurg” madaniyat saroyi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy kompozitsiya tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ayniqsa, Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan buyuk sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur siymosining sahnaviy talqini yuqori mahorat bilan namoyish etildi.
Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, OKMK Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari hamda “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining tantanali harbiy marshi ham tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Bayram dasturidan sport namoyishlari ham munosib o‘rin oldi. Kombinat sportchilari va iqtidorli yoshlar tomonidan sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha namoyish etilgan mahorat va ko‘rgazmali chiqishlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Taniqli san’atkorlar — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova hamda estrada xonandasi Mirjalol Ne’matovning diltortar qo‘shiqlari yig‘ilganlarni xushnud etdi.
Tantanali bayram tadbiri an’anaga ko‘ra, osmonni bezagan mushakbozlik bilan yakunlandi.
Ko‘tarinki ruhda nishonlangan Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri Olmaliq ahli va kombinat jamoasi uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
A.Musayev,O‘zA