Qardoshlik qalbdan boshlanadi
Haqiqiy do‘stlik avval xalqlar qalbida paydo bo‘ladi, davlatlar esa uni hujjatlar, loyihalar va aniq tashabbuslar orqali mustahkamlaydi
O‘zbekiston va Ozarbayjon — tarixiy ildizlari, tili, madaniyati va ma’naviy qadriyatlari mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlar. Bugun ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy va iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar aloqalari ham tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlikni O‘zbekistonda yashab, faoliyat yuritayotgan ozarbayjonliklar misolida yanada yaqqol ko‘rish mumkin.
Farg‘ona davlat universiteti Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi, tarix yo‘nalishi bo‘yicha tayanch doktorant Jovhar Museyibzada bilan suhbatda xalqlarimizning mushtarak jihatlari, Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi, ikki davlat o‘rtasidagi abadiy do‘stlik shartnomasining ahamiyati, yoshlar diplomatiyasi, ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik haqida fikr almashdik.
— Jovhar Museyibzada, siz asli ozarbayjonliksiz. O‘zbekistonda yashab, ishlab kelyapsiz. Xalqlarimizning yaqinligini nimalarda ko‘rasiz?
— Men 1997-yilda Ozarbayjonning Boku shahrida tug‘ilganman. Bolalik chog‘larimda oilam bilan Toshkentga ko‘chib kelganmiz. Oliy ta’limning bakalavriat va magistratura bosqichlarini xorijiy davlatlarda tamomlaganman. 2021-yildan buyon Farg‘onada yashayman.
Hozirda Farg‘ona davlat universitetida tarix yo‘nalishi bo‘yicha tayanch doktorant va ayni paytda universitetning Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limida bosh mutaxassis sifatida faoliyat olib boryapman. Dissertatsiya mavzusini tanlashda men e’tiborni O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalarining xalqaro tashkilotlardagi obro‘-nufuzi hamda yutuqlariga qaratganman.
O‘zbekistonda yashab, men bir narsani chuqur angladim: millatlararo totuvlik va insonparvarlik bu yerda shunchaki siyosiy tushuncha emas, balki kundalik hayotning bir qismidir. Shu muhitda yashayotgan inson sifatida men ham ushbu qadriyatlarni mustahkamlashga o‘z hissamni qo‘shishni burch deb bilaman.
Yaqinligimizni esa avvalo, kundalik hayotda his qilaman. Bizning yaqinligimiz tilimizda, hazil-mutoyibamizda, mehmondo‘stligimizda, oilaga bo‘lgan munosabatimizda, hatto dasturxon atrofidagi suhbatlarimizda ham namoyon bo‘ladi.
Ayniqsa, tilimizdagi o‘xshashlik meni hanuzgacha hayratga soladi. O‘zbek tilida gaplashayotgan odamni eshitib, ozarbayjonlik sifatida ko‘plab so‘zlarni beixtiyor anglab ketaman. Nazarimda, bunday tabiiy til va madaniy yaqinlik dunyoda xalqlar o‘rtasida kam uchraydi.
Shuning uchun biz o‘zimizni baxtli xalqlar desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bizning yaqinligimiz oldin ham mavjud bo‘lgan, siyosiy munosabatlar esa ana shu tabiiy yaqinlikni yangi mazmun bilan boyitmoqda.
— Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifini sizningcha, ozarbayjonlik va o‘zbekistonliklar qanday qabul qildi?
— Davlat rahbarlarining uchrashuvi ommaviy axborot vositalarida namoyish etiladigan siyosiy voqea, albatta. Ammo ikki xalq uchun uning mazmuni bundan ancha kengroq.
Ozarbayjonlik uchun Toshkent yoki Buxoro shunchaki geografik nomlar emas. Bu nomlar turkiy va islom sivilizatsiyasining umumiy tarixini eslatadi. O‘zbekistonlik uchun esa Boku, Ganja, Shaki kabi shaharlar ham begona emas. Bu yaqinlikni men O‘zbekistonda yashayotgan ozarbayjonlik sifatida juda ko‘p bora his qilganman.
Ayniqsa, Prezidentlarning Buxorodagi qadimiy obidalarni birgalikda ziyorat qilgani men uchun ramziy jihatdan juda ta’sirli.
Bu tashrifning eng muhim jihati esa, mening nazarimda, uning faqat ramziy emas, amaliy mazmunga ega ekanidir. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, yangi qo‘shma loyihalarning boshlanishi, ta’lim, madaniyat, turizm, sport va boshqa sohalardagi kelishuvlar do‘stlikning kundalik hayotga kirib borishini anglatadi.
Shuning uchun men ikki davlat rahbarlarining uchrashuvini ikki xalqning bir-biriga yanada yaqinlashishiga berilayotgan katta tarixiy imkoniyat sifatida qabul qilaman.
— Nutqimizda «qardosh xalqlar» iborasini ko‘p ishlatamiz. Qardoshlik yoshlar hayotida qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lyapti?
— Menimcha, qardoshlikning eng yaxshi ko‘rinishi — bu yoshlarning bir-birlarini tanishi.
Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy aloqalar yuqori darajada rivojlanmoqda. Hukumatlar, parlamentlar va hududlar o‘rtasidagi hamkorlik ham tobora mustahkamlanmoqda. Bu jarayonning natijalari oddiy fuqaro, ayniqsa, yoshlar hayotida ham sezilishi kerak.
Men har doim bir narsaga ishonaman: inson ko‘rgan, eshitgan va boshidan kechirgan narsasini uzoq vaqt eslab qoladi.
Masalan, katta avlod vakillaridan «mening bir ozarbayjonlik do‘stim bo‘lgan», «bir vaqtlar katta stadionda ozarbayjonlik xonandaning jonli konsertini ko‘rganman», degan xotiralarni ko‘p eshitamiz. Bir qarashda oddiy tuyuladigan bunday xotiralar aslida xalqlar o‘rtasidagi ko‘prikni quradi.
Shu sababli men yoshlar uchun qo‘shma loyihalar sonini oshirish tarafdoriman. O‘zbekistonlik va ozarbayjonlik talaba-yoshlar birga tarixiy joylarni ziyorat qilishi, qo‘shma ilmiy tadqiqot olib borishi, yozgi maktablarda qatnashishi, bir-birining oilasi va kundalik hayoti bilan tanishishi, san’at va sport loyihalarida bir jamoa bo‘lib ishtirok etishi kerak.
Masalan, O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusi yili birgalikda futbol bo‘yicha U20 yosh toifasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi va «Ikki mamlakat — bir chempionat» dasturining amalga oshirilishi aynan shunday imkoniyatlardan biri. Bunday tadbirlar yoshlarimiz uchun xotiraga aylanishi mumkin.
Men o‘zim ham imkon qadar ana shu jarayonning bir qismi bo‘lishga harakat qilaman. Masalan, 2024-yilda Farg‘ona davlat universiteti tomonidan Bokuda «O‘zbekistonning madaniyati va tarixiga sayohat» nomli tadbir tashkil etildi. Unda Ozarbayjon talabalari va professor-o‘qituvchilarining O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishini bevosita ko‘rdik, hatto o‘zbek milliy taomlarini ham namoyish etdik.
Shuni ta’kidlashim joizki, oddiy odam uchun do‘stlik — bu uning farzandining Ozarbayjonda o‘qishi, ozarbayjonlik talabaning Buxoroni ko‘rishi, ikki davlat yoshlarining birga sport musobaqasida qatnashishi yoki ozarbayjonlik oilaning O‘zbekistondan mehmon kutib olishi.
— Farg‘ona davlat universitetida faoliyat olib boryapsiz. O‘zbekiston yoshlarining dunyoqarashi, bilimga intilishi va imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
O‘zbekiston yoshlarida eng katta kuch — bu imkoniyatga bo‘lgan ishonchning tobora ortib borayotgani. Yangi O‘zbekiston yoshlari dunyoni ancha kengroq ko‘rmoqda. Ular xorijiy universitetlar, xorijiy tillar va xalqaro loyihalar haqida faol fikr yuritmoqda.
Men universitetda xalqaro bo‘lim bilan bevosita ishlaganim sababli yoshlarning xalqaro maydonga chiqishga bo‘lgan intilishini ayniqsa, yaqqol ko‘raman.
O‘zbekiston yoshlarida xalqaro imkoniyatlardan foydalanish istagi juda kuchli, deb hisoblayman. Menimcha, O‘zbekistonning kelajakdagi eng katta kapitallaridan biri — bilimga intilayotgan yosh avlod bo‘ladi.
— Sizda «bu xalq menga begona emas», degan tuyg‘uni uyg‘otgan qandaydir voqea bo‘lganmi?
— O‘zbekistonda deyarli har bir insonning Ozarbayjon, ozarbayjonliklar va ozarbayjon madaniyati haqida iliq fikrda ekaniga guvoh bo‘laman.
Kimdir Bokuga borgan, kimningdir ozarbayjonlik do‘sti bor, kimdir ozarbayjon musiqasini yaxshi ko‘radi, yana kimdir shunchaki Ozarbayjonni «qardosh yurt» deb biladi.
Menda «bu xalq menga begona emas» degan tuyg‘u tabiiy ravishda shakllangan bo‘lib, biror bir voqea bilan izohlash qiyin bo‘lar edi. Men bu yerda o‘zimni begona his qilishimga sabab bo‘ladigan vaziyatdan ko‘ra, o‘zimni yaqin his qilishimga sabab bo‘ladigan insonlarni ko‘proq uchratdim.
Farg‘onaga kelganimdan keyin bu tuyg‘u yanada kuchaydi. Farg‘onaliklarning bag‘rikengligi, ochiq chehraliligi va turli millat vakillariga tabiiy hurmat bilan munosabatda bo‘lishi meni doimo hayratlantiradi.
Universitetda hamkasblarimning menga «siz ozarbayjonlik ekansiz», deb alohida masofa saqlamasdan, aksincha, «siz bizning odamsiz», degandek munosabatda bo‘lishini ko‘p his qilganman.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanayotganini ko‘rib, men buni aynan shu insoniy yaqinlikning davlatlararo munosabatlardagi ifodasi sifatida qabul qilaman.
Chunki haqiqiy do‘stlik avval xalqlar qalbida paydo bo‘ladi, davlatlar esa uni hujjatlar, loyihalar va aniq tashabbuslar orqali mustahkamlaydi.
Men uchun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning eng chiroyli jihati ham shunda: biz bir-birimizga yaqin bo‘lishni endi o‘rganayotgan xalqlar emasmiz. Biz mavjud yaqinligimizni yangi avlodlar uchun yanada mazmunli va mustahkam shaklga keltirayotgan xalqlarmiz.
Yana bir narsa meni doim hayratga soladi — tillarimizning yaqinligi. Ba’zan o‘zbek tilida suhbatlashayotganimda, «bu so‘zning ozarbayjonchasini men aynan shunday bilaman-ku», deb ichimda hayron qolaman. Go‘yo ikki til bir-biridan uzoqlashmagan, balki tarix davomida turli yo‘llardan yurib, yana bir-birini topib kelgandek.
O‘zbek tili ham juda boy va o‘ziga xos til. Unda turkiy tillarning umumiy boyligi bilan birga, O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan ko‘p asrlik tarixining izlari ham mujassam. Shuning uchun mening bu tilga hurmatim cheksiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA