Masofa – ahamiyatsiz, muhimi tarixiy mushtaraklik
Samarqand shahridagi “Afrosiyob” muzeyida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan “5120 kilometr: tarixiy rishtalarni qayta bog‘lash” nomli ko‘rgazma o‘z ishini boshladi.
Tadbir Koreyaning Madaniy meros jamg‘armasi tomonidan ODA (Official Development Assistance) dasturi asosida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
– Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tajriba almashish va ikki xalqning boy madaniy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda, – deydi “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Samariddin Mustafoqulov. - Ko‘rgazmaning asosiy g‘oyasi qariyb 1400-yil avvalgi tarixiy aloqalarni bugungi zamonaviy hamkorlik bilan bog‘lashdan iborat. Chunki Afrosiyob devoriy suratlarida qadimgi Koreya yarimorolidan kelgan deb talqin qilinadigan elchining tasviri saqlanib qolgan. Bu tasvir VII–VIII asrlarda Samarqandning Buyuk Ipak yo‘li orqali Koreya yarimoroli va boshqa hududlar bilan diplomatik hamda madaniy aloqalar olib borgan muhim markaz bo‘lganini ko‘rsatadi.

“5120 kilometr” ikki mamlakat o‘rtasidagi ramziy masofani anglatadi. Qadimda bu masofani elchilar va savdogarlar bosib o‘tgan bo‘lsa, bugun ushbu tarixiy yo‘l ilmiy tadqiqot, arxeologiya, konservatsiya, raqamli texnologiyalar va mutaxassislar tajribasi almashinuvi orqali qayta bog‘lanmoqda.
Koreya Respublikasi milliy merosni rivojlantirish agentligi konservatsiya fanlari mutaxassisi O Minjining ta’kidlashicha, ekspozitsiyada ikki davlat mutaxassislari ishtirokida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar, ilmiy-tadqiqot ishlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sohada erishilgan muhim natijalar namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmaning muhim qismlaridan biri Samarqand shahrining Bog‘ibaland mahallasida joylashgan Qizlartepa yodgorligida olib borilgan qo‘shma arxeologik tadqiqotlarga bag‘ishlangan. Koreya va O‘zbekiston mutaxassislari 2023–2025-yillarda besh bosqichda qo‘shma arxeologik qazishma ishlarini amalga oshirdi. Dastlab tepalikning yuqori qismida 12 ta nuqtada sinov qazishmalari o‘tkazildi. Shundan so‘ng 9 ta nuqtada me’moriy inshoot qoldiqlari aniqlanib, keng qamrovli tadqiqotlar davom ettirildi.

– Tadqiqotlar natijasida Qizlartepadan 12 ta xona, ularni bog‘lovchi yo‘laklar hamda to‘rt tomondan kirish joylariga ega markaziy yo‘lakdan tashkil topgan Sug‘d davri me’moriy majmuasi aniqlandi, – deydi O‘zbekiston - Koreya madaniy meros sohasi rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘mak – ODA (Official Development Assistance) loyihasi koordinatori Abduaziz Jabborov. – Inshootlar paxsa va xom g‘ishtdan barpo etilgan bo‘lib, yodgorlikdan sopol buyumlar, shisha mahsulotlar, nefrit halqa parchalari, uzuk va taqinchoqlar, tangalar hamda boshqa arxeologik ashyolar ham topildi. Ular orasida So‘g‘d tangasi, ossuariy va boshqa noyob topilmalar alohida ahamiyatga ega. Ayrim inshootlarning vazifasi hali to‘liq aniqlanmagan. Ilmiy talqinlarga ko‘ra, ular zodagonlar qabulxonasi, bojxona yoki diniy maqsadlarda foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Shu bois ularning vazifasi haqidagi xulosalar hozircha ilmiy taxmin sifatida baholanadi. Qizlartepadagi tadqiqotlar zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan ham uyg‘unlashtirildi.
Ko‘rgazmada, shuningdek, madaniy meros ob’ektlarini konservatsiya qilish, ob’ektlarni 3D va GIS texnologiyalari asosida hujjatlashtirish borasidagi ishlar namunalari ham namoyish etilmoqda.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri