Daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan jinoyat yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atish tartibi qanday?
2026-yil 15-oktabrda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi.
Qonunning muhim jihatlari haqida Oliy Majlis senati a’zosi Zumrad Bekatova quyidagilarni gapirib berdi:
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning bosh tamoyili – inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda davlat boshqaruvi va odil sudlovda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat.
Huquqiy davlatda har bir fuqaro qonun oldida teng. Shu bilan birga, davlat va jamiyat uchun muhim vazifalar ishonib topshirilgan, konstitutsiyaviy va kasbiy vakolatlarni amalga oshiruvchi shaxslarning o‘z faoliyatini xolis, mustaqil hamda g‘ayriqonuniy aralashuvlardan xoli ravishda olib borishini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda so‘nggi yillarda zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida davlat organlari faoliyati samaradorligi, mansabdor shaxslarning mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va to‘laqonli bajarishiga xizmat qiluvchi huquqiy kafolatlar tizimli ravishda mustahkamlanmoqda.
Biroq, huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili daxlsizlikka oid normalar turli sohaviy qonun hujjatlarida tarqoq holda belgilanganini ko‘rsatdi. Bu esa ayrim toifadagi shaxslarning xolis va mustaqil faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga chek qo‘yish hamda daxlsizlik huquqini amalga oshirishning aniq mexanizmini belgilash zaruratini yuzaga keltirdi.
Xususan, qonunchilikka muvofiq, daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan jinoyat yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atish, tergov harakatlarini o‘tkazishning protsessual tartibi va mexanizmlari aniq tizimlashtirilmagan edi. Bu, amaliyotda turlicha talqinlar va huquqiy noaniqliklarga sabab bo‘layotgan edi.
Yangi qonun daxlsizlik institutini qo‘llashning yagona va aniq huquqiy mexanizmlarini shakllantirish hamda sohadagi qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonunning asosiy yangiliklari va mazmuniga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, birinchidan, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga alohida yangi boblar qo‘shildi.
Daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning aniq doirasi ko‘rsatilib, ularga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish, rozilik olish, ushlab turish, qamoqqa olish, tintuv va boshqa tergov harakatlari hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish tartibi, shuningdek, bunga vakolatli sub’ektlar batafsil belgilandi.
Ikkinchidan, daxlsizlik kafolatlarini noqonuniy ravishda buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Daxlsizlik talablarini buzgan holda olingan dalillarni nomaqbul deb topishga oid protsessual oqibatlar aniqlashtirildi.
Uchinchidan, amaliyotdagi jiddiy muammolardan biri – daxlsizlik huquqiga ega shaxsni javobgarlikka tortish uchun rozilik so‘ralganda dastlabki tergovni to‘xtatish tartibi Jinoyat-protsessual kodeksining 364-moddasida o‘z aksini topdi.
Bu rozilik berish masalasi hal etilishi kutilayotgan davrda dastlabki tergov muddatlarining o‘tishi bilan bog‘liq protsessual noaniqlikni bartaraf etadi.
Qonunning asosiy ahamiyati, menimcha, uch jihatda namoyon bo‘ladi. Birinchisi, daxlsizlik institutiga oid normalar Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tizimlashtirilib, huquqni qo‘llash uchun aniq protsessual asos yaratildi.
Ikkinchisi, tegishli huquqiy maqomga ega shaxslarning mustaqil faoliyatini ta’minlashga qaratilgan kafolatlar bilan javobgarlikning muqarrarligi prinsipi o‘rtasidagi huquqiy muvozanat aniqlashtirildi.
Uchinchisi, daxlsizlik kafolatlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish maqsadida ushbu kafolatlarni buzishning jinoiy va protsessual oqibatlari belgilandi.
Mazkur qonun daxlsizlikni shaxsga berilgan asossiz imtiyoz sifatida emas, balki uning alohida huquqiy maqomidan kelib chiqadigan va qonun doirasida amalga oshiriladigan protsessual kafolat sifatida belgilashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA