Bektemirda yashil hududlar uchun 8 gektarlik ko‘chatxona tashkil etilmoqda
Poytaxtimizda yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilash borasidagi ishlar yangi bosqichda jadallashib bormoqda. Xususan, bugungi kunda tumanlarning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, hududlararo samarali hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, Toshkent shahar hokimligi va Olmazor tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan Bektemir tumanidagi bo‘sh turgan 8 gektar yer maydonida mahalliy iqlimga mos manzarali buta ko‘chatlarini yetishtirish loyihasi boshlab yuborildi.
Olmazor tumani obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan Bektemir tumanidagi 8 gektar yer maydonida hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida manzarali buta ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Ayni paytda ajratilgan maydonning 5 gektar yer qismi haydalib, shundan 3 gektarida ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi. Ushbu maqsadda maxsus issiqxonalar tashkil etilib, ularda turli xil butalarning qalamchalaridan Olmazor tumani uchun yangi ko‘chatlarni yetishtirish ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur loyiha mahalliy ko‘chat yetishtirish hajmini oshirish, importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish hamda tumanda yashil hududlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA