Nazorat: 12 ta xavfli ishlab chiqarish ob’ektida ishlar vaqtincha to‘xtatilgan
Yer osti boyliklari mamlakat iqtisodiyotining muhim tabiiy resurslaridan biri hisoblanadi. Ularni qonuniy va oqilona o‘zlashtirish, noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish hamda sanoat xavfsizligini ta’minlash sohadagi ustuvor vazifalardan sanaladi.
Aynan shu masalalar Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamkorligida tashkil etilgan matbuot anjumanida muhokama qilindi. Unda 2026-yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Dastlab Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Omonulla Zaripov sanoat xavfsizligi va yer osti suvlaridan foydalanish ustidan nazorat natijalariga to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, hisobot davrida sanoat xavfsizligi yo‘nalishida 295 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, normativ talablarning 3 675 ta buzilishi aniqlangan. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 331 ta yozma ko‘rsatma berilgan, 12 ta xavfli ishlab chiqarish ob’ektida ishlar vaqtincha to‘xtatilgan.

Shuningdek, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida 18 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan. Yer osti suvlaridan foydalanish bo‘yicha o‘rganishlarda esa ruxsatnomasiz va tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritish bilan bog‘liq 63 ta holat aniqlangan.
Nazorat samaradorligini oshirish maqsadida konlarga olib boruvchi yo‘llarda 94 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, 115 ta tadbirkorlik sub’ekti maxsus dasturga ulangan.
Shundan so‘ng Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Kon-geologiya nazorati va noruda xomashyosi bo‘limi boshlig‘i Bahodir Rahimov yer qa’ridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashish va tabiiy resurslarni muhofaza qilish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.
– Foydali qazilmalar mamlakatimizning muhim tabiiy boyligidir. Ularni o‘zlashtirishda qonuniylikni ta’minlash, qazib olish hajmlarini to‘g‘ri hisobga olish va yashirin iqtisodiy aylanmalarning oldini olish muhim vazifamiz hisoblanadi.
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida yer qa’ridan foydalanish sohasida 576 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan. 235 ta tekshiruv natijasida 5,3 million kub metr foydali qazilma noqonuniy qazib olingani aniqlangan. Davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 106 milliard so‘mni tashkil etgan.

Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida davlat byudjetiga 10,2 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumlari undirilgan. Qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli 117 ta ruxsatnoma yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilib, 43 tasi muddatidan oldin bekor qilingan, – dedi B.Rahimov.
Noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlashda kosmik monitoring imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda. “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda 2025-yilda taqdim etilgan 2 261 ta holatdan 1 444 tasi o‘rganilib, 195 ta yuridik shaxs tomonidan 4,5 million kub metr noruda foydali qazilma qazib olingani aniqlangan.
Matbuot anjumanida davlat nazoratini raqamlashtirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, “E-Yer Qa’ri Nazorati” yagona axborot tizimini yaratish ishlari olib borilmoqda. 11 ta modulni qamrab oluvchi platformani 21 ta davlat idorasining axborot resurslari bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan. Tizim orqali tekshiruvlarni ro‘yxatga olish, dalolatnomalarni rasmiylashtirish va nazorat natijalarini kuzatish jarayonlarini yagona elektron muhitga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan batafsil javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA