Belarusda o‘zbekistonlik tadbirkorlarning chorvachilik kompleksi ochildi
So‘ngi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Xususan, Belarusning Minsk viloyatida Toshkent viloyatining «Maraqand Meat» korxonasi tomonidan barpo etilgan yirik chorvachilik majmuasining faoliyat boshlashi buning yana bir isboti hisoblanadi.
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, umumiy qiymati 40 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur yirik chorvachilik kompleksining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ikki viloyat rahbarlari ishtirokida ochilgan mazkur majmua 10 ming bosh qoramolni parvarishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 4,5 ming bosh naslli qoramol parvarishlanmoqda.

Bu bilan mamlakatimiz tadbirkorlarning Belarusdagi chorvachilik loyihalari yanada kengayayotganligini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunga qadar yurtdoshlarimiz tomonidan Belarus Respublikasida 13 ta loyiha doirasida qariyb 8 500 bosh qoramolni parvarishlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu kabi investitsiya loyihalari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida chorvachilik sohasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlarning xalqaro bozorlardagi ishtirokini kengaytirish hamda naslchilik va zamonaviy chorvachilik tajribalarini o‘zaro almashish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.

Hozirda mavjud komplekslar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, loyihalar ko‘lamini kengaytirish va parvarishlanayotgan qoramollar sonini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Minsk viloyatida «Maraqand Meat» chorvachilik majmuasining ishga tushirilishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya nafaqat qog‘ozda, balki amalda ham yuksak natijalar berayotganini ko‘rsatdi. Ushbu loyiha ikki davlatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajriba va imkoniyatlarini birlashtirib, agrosanoat tarmog‘ini rivojlantirishda xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA