Davlatobodda yangi ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanida yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, hududning sanoat salohiyati yanada yuksalmoqda.
Ana shunday loyihalardan biri “Kushon” kichik sanoat zonasida amalga oshirildi. Bu yerda “NDMBUSINESS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kanalizatsiya tizimlarida qo‘llaniladigan zamonaviy fitinglar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Korxona taqdimotida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, nuroniylar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
[gallery-30838]
Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 4 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ayni paytda uning 2 million dollarlik qismi o‘zlashtirilib, ishlab chiqarish jarayoni boshlangan. Qolgan 2 million dollar investitsiyani o‘zlashtirish va korxonani to‘liq quvvatga olib chiqish 2028-yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 700 tonnani tashkil etadi. Kelgusida mahsulot turlarini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida 40 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi. Korxonaning yillik tovar aylanmasi 15 milliard so‘mga yetkazilishi kutilmoqda.
Yangi korxona ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qurilish va kommunal infratuzilma sohalari uchun zarur mahsulotlarni yurtimizda tayyorlash imkonini beradi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA