Davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi
Prezidentimizning Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq, ikki nafar sirdaryolik tibbiyot xodimi yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, Mirzaobod tumanidagi 17-oilaviy poliklinika oilaviy shifokori Hakimxon Xolbekova II darajali «Salomatlik» ordeni, Sirdaryo tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi IT-operatori Zebo Zakirova esa «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Mukofotlar mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissalari, ko‘p yillik samarali mehnatlari hamda kasbiy mahoratlari uchun berildi.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Qo‘shoqov soha vakillarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning inson salomatligini asrash yo‘lidagi fidokorona mehnatini e’tirof etdi. Davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

«Shuhrat» medali sohibi Zebo Zakirova 2012-yilda Guliston tibbiyot kollejini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014-yilda Guliston shahridagi 3-sonli oilaviy poliklinikada hamshira sifatida boshlagan. Keyinchalik Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bir qator yo‘nalishlarda hamshira bo‘lib ishlagan. Ayni paytda IT hamshirasi sifatida faoliyat yuritmoqda.
— Davlatimiz rahbari tomonidan mehnatimga berilgan yuksak baho menga katta kuch va rag‘bat bag‘ishladi. Bu mukofotni nafaqat o‘zimning, balki tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qilayotgan barcha hamkasblarimning yutug‘i deb bilaman. Kelgusida ham yanada yaxshi ishlab, bundanda yuksak natijalarga erishish va tibbiyot sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shishga harakat qilaman, — deydi Zebo.

Tibbiyot xodimlarining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi ularning soha rivoji va aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi mehnatiga berilgan yuksak rahg‘batdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri