Chicharito AQSHning «Atletiko Dallas» klubiga o‘tdi
meksikalik futbolchi jamoa safida 2027-yildan maydonga tushishni boshlaydi. Ungacha esa klubni rivojlantirish jarayonida faol ishtirok etadi.
«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Xavyer Ernandes (Chicharito) AQSHning USL Championship ligasida ishtirok etuvchi «Atletiko Dallas» klubi safiga qo‘shildi. Bu haqda klub matbuot xizmati hamda futbolchining o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
«Menimcha, Dallas futbolga bo‘lgan ishtiyoqi, xilma-xilligi va salohiyatiga mos klubga ega bo‘lishi kerak. Men g‘oliblik madaniyatini shakllantirish, Shimoliy Texasdagi yosh futbolchilarni ilhomlantirish va muxlislarga ilk kundanoq qo‘llab-quvvatlaydigan jamoani taqdim etishga yordam bermoqchiman. Men bu yerga faoliyatimni yakunlash uchun emas, balki Dallas futbolining kelajagini rivojlantirish uchun keldim», — dedi Chicharito.
Avvalroq Chicharitoning transferi «Atletiko Dallas» tarixidagi ilk transfer ekani xabar qilingandi. Klub USL Championshipning yangi franshizasi bo‘lib, 2028-yilda liga bahslarida debyut qilishni rejalashtirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, meksikalik futbolchi jamoa safida 2027-yildan maydonga tushishni boshlaydi. Ungacha esa klubni rivojlantirish jarayonida faol ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Meksika terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (52 gol) bo‘lgan Chicharito 2010–2020-yillar oralig‘ida Yevropada to‘p surgan. U faoliyati davomida «Manchester Yunayted», «Real», «Vest Hem», «Bayer», «Sevilya» klublarida o‘ynagan.
Shuningdek, hujumchi Meksikaning «Gvadalaxara» va «Tapatio Chivas», AQSHning «Los-Anjeles Gelaksi» klublari sharafini ham himoya qilgan.
Ma’lumot uchun, USL Championship AQSHdagi MLSdan keyingi ikkinchi darajali liga hisoblanadi. Biroq ushbu ikki musobaqa o‘rtasida yuqori yoki quyi ligaga chiqish tizimi mavjud emas.