Buxoroda test sinovlari yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul bo‘yicha test sinovlari yakunlandi.
Test sinovlari 14–23-iyul kunlari Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat bo‘limi hamda Buxoro shahridagi «Semurg‘» sport majmuasida tashkil etildi. Imtihonlar har kuni ikki smenada o‘tkazildi. Har bir smenada 3 ming 60 nafardan abituriyent ishtirok etdi. Viloyat bo‘yicha test topshiruvchilarning umumiy soni 30 ming 269 nafarni tashkil qildi.
[gallery-30530]
Yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelganiga qaramay, test jarayonlari belgilangan tartib asosida tashkil etildi. Abituriyentlar uchun salqin va qulay sharoitlar yaratildi, ularning ota-onalari hamda kuzatuvchilari uchun kutish joylari tashkil etildi. Shuningdek, test sinovlarini onlayn kuzatish imkoniyati ham ta’minlandi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar yuklagan 24 ming 526 ta xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 ming 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 ming 354 nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu ta’lim tizimida bilim va xalqaro standartlarga mos malakani baholash mexanizmlari tobora keng qo‘llanilayotganidan dalolat beradi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA