Buxoroda suv – hayot sifatiga aylanmoqda
Toza ichimlik suvi – oddiy kommunal xizmat emas. U inson salomatligi, oila farovonligi, hudud taraqqiyoti va munosib turmushning eng muhim mezonlaridan biridir. Shu bois bugun Buxoro viloyatida suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini tubdan yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar nafaqat infratuzilmani, balki minglab oilalarning kundalik hayotini o‘zgartirishga xizmat qilmoqda.
Suv bor joyda hayot bor. Ammo uning uygacha yetib kelishi, sifatli tozalanishi, uzluksiz yetkazib berilishi va ishlatilgan suvning xavfsiz ravishda chiqarilishi zamonaviy jamiyatda eng muhim infratuzilma vazifalaridan hisoblanadi.
Ayniqsa, iqlim sharoiti murakkab, suv resurslariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan Buxoro viloyati uchun bu masala strategik ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va kommunal infratuzilmani zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buxoroda amalga oshirilayotgan ushbu loyihalar ham ana shu islohotlarning hududlardagi amaliy ifodasidir.
“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulovning Buxoro viloyatiga xizmat safari davomida Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki ishtirokidagi “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish (1-bosqich)” loyihasi doirasida bajarilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi.

Loyihaning ko‘lamiga qarab, uning oddiy qurilish dasturi emas, balki viloyatning kelajakdagi suv infratuzilmasini belgilab beradigan ulkan strategik loyiha ekanini anglash mumkin.
Ichimlik suvi yo‘nalishida 260 ming kub metr/sutka quvvatga ega 2 ta suv tozalash inshooti, 2 187 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 35 ta suv tarqatish inshooti qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, 1 ta ichimlik suvi olish inshootini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Bu raqamlarni tasavvur qilishning o‘ziyoq loyihaning nechog‘li katta ekanini ko‘rsatadi.
2 187 kilometr suv tarmog‘i – bu Buxoro viloyatining bir nuqtasidan ikkinchi nuqtasiga tortiladigan oddiy quvur emas. Bu minglab xonadonlarga, mahallalarga, ijtimoiy ob’ektlarga yetib boradigan hayot yo‘llaridir.
Oqova suv tizimidagi yangilanishlar ham loyihaning eng muhim qismlaridan.

Bu yo‘nalishda 25 600 kub metr/sutka quvvatga ega 5 ta oqova suv tozalash inshooti, 720,83 kilometr oqova suv tarmoqlari, 65 ta oqova suv nasos stansiyasi quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Bugun zamonaviy shaharsozlikda suvni uyga olib kirishning o‘zi yetarli emas. Uydan chiqarilgan suvni xavfsiz qabul qilish, tozalash va tabiatga zarar yetkazmay boshqarish ham shunchalik muhim.
Shu nuqtai nazardan, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarining bir loyiha doirasida kompleks ravishda rivojlantirilayotgani katta ahamiyatga ega.
Chunki toza suv – salomatlik, zamonaviy kanalizatsiya esa ekologik xavfsizlik demakdir.
Loyihaning eng ta’sirchan jihati uning qamrovida.
Natijada Buxoro viloyatidagi 195 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 1 million 788 ming aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Yana 42 ta mahallada istiqomat qiluvchi 507 ming aholi markazlashgan oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu yerda raqamlar ortida inson taqdiri turganini unutmaslik kerak. Bu har kuni suv tashishga sarflanadigan vaqtning qisqarishi. Xonadonda sanitariya sharoitining yaxshilanishi. Bolalar salomatligi uchun yanada xavfsiz muhit. Ayollar va keksalar zimmasidagi maishiy yumushlarning yengillashishi. Mahallalarda obodlik va tozalikning yangi bosqichi. Demak, suv tarmog‘i qurilayotgan har bir ko‘cha ortida, avvalo, inson hayotidagi o‘zgarish mujassam.
Buxoroda suv ta’minoti masalasini bugungi holat bilan kechagi manzarani solishtirmasdan turib to‘liq anglab bo‘lmaydi. Avvallari ayrim hududlarda eskirgan quvurlar, suv bosimi bilan bog‘liq muammolar, tarmoqlarning uzoqligi yoki kanalizatsiya infratuzilmasining yetarli emasligi aholi uchun noqulaylik tug‘dirgan. Endi esa yondashuv o‘zgarmoqda.
Gap faqat eski quvurni yangisiga almashtirish haqida emas. Suvni olishdan tortib tozalash, uzatish, iste’molchiga yetkazish va oqova suvni qayta ishlashgacha bo‘lgan butun tizim modernizatsiya qilinmoqda.
Bu – kommunal sohadagi eng muhim o‘zgarishlardan biri.
Chunki zamonaviy infratuzilma deganda faqat yangi bino yoki yangi yo‘l emas, balki inson har kuni foydalanadigan, ammo ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydigan tarmoqlarning ishonchli ishlashi ham tushuniladi.
Xizmat safari davomida loyihaning 8-paketi – Qorovulbozor tuman markazida kanalizatsiya tizimini qurish bo‘yicha 2 ta lot doirasidagi ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, 10-paket – G‘ijduvon va Romitan tumani markazlarida kanalizatsiya tizimini qurish loyihalaridagi ishlar holati o‘rganildi.

Joylarda qurilish jarayonlari, ishlarning sifati, belgilangan vazifalarning bajarilishi va loyihalarni amalga oshirish sur’atlari tahlil qilindi.
Muhimi, bunday o‘rganishlar faqat holatni ko‘rish bilan cheklanmaydi. Aniqlangan masalalar bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berilib, loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun Buxoroda amalga oshirilayotgan suv va kanalizatsiya loyihasiga bir tomonlama – faqat qurilish nuqtai nazaridan qarash to‘g‘ri emas.
Uning iqtisodiy samarasi ham bor. Infratuzilmaning yaxshilanishi hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi, yangi loyihalar uchun qulay sharoit yaratadi.
Uning ijtimoiy samarasi bor. Aholining turmush darajasi, sanitariya va gigiyena sharoiti yaxshilanadi. Uning ekologik samarasi bor. Oqova suvlarni tizimli ravishda yig‘ish va tozalash atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytiradi.
Zero, odamlar uchun munosib hayot sharoiti yaratishning eng to‘g‘ri o‘lchovi — balandparvoz raqamlar emas, balki xonadondagi oddiy kundalik hayotning qanchalik yengil va qulay bo‘lib borayotganidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri