Bir xonadondan — bir tonna asal
FOTOREPORTAJ
Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasi ahli Mirzolim ota Ismoilovni mohir asalarichi sifatida yaxshi biladi. Qariyb 30 yildan buyon shu soha bilan shug‘ullanib kelayotgan mirishkor yillar davomida asalarichilikning nozik jihatlarini puxta egallab, uni oilaviy kasb va daromad manbaiga aylantirgan.
Ayni paytda xonadonda 100 ta asalari oilasi parvarishlanmoqda. Joriy yilda faoliyatni kengaytirish maqsadida Mirzolim otaga 50 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobiga asalari oilalari soni ko‘paytirilgan.
[gallery-31075]
— Asalari ham xuddi bolangizdek bo‘lib qoladi. Asosiysi, unga mehr va e’tibor bilan qarash kerak. Har bir oilaning parvarishini o‘z vaqtida amalga oshirish muhim. Ikki o‘g‘lim ham doimo yonimda, bu ishlarga menga ko‘maklashadi, - deydi Mirzolim ota.
Mehnat samarasi ham baralla ko‘zga tashlanmoqda. Erta bahordan buyon ikki marta hosil olinib, har safar 500 kilogrammdan, jami 1 tonna asal jamg‘arilgan.
Asalarichilikda har bir mavsumning o‘ziga xos yumushlari bor. Erta kuzdan bahorgacha bo‘lgan davrda asalari oilalarini qishlovga tayyorlash, oziqlantirish va sovuqdan asrashga alohida e’tibor qaratiladi. Shu maqsadda har bir asalari oilasiga o‘rtacha 5 kilogrammdan shakar beriladi.
Ayni kunlarda xonadonning 4 sotixlik tomorqasida qishlovga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Hududning 2 sotix qismida joylashgan asalari qutilari muntazam nazorat qilinib, asal olishdan keyingi parvarish va qish mavsumiga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mirzolim ota Ismoilovning qariyb 30 yillik tajribasi asalarichilikni oilaviy tadbirkorlik sifatida yo‘lga qo‘yish, tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish va barqaror daromad olish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA