Yosh tarixchilarning 5-yozgi o‘qishlari tashkil etildi
Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Yosh tarixchilarning 5-yozgi o‘qishlari” tashkil etildi. Unda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan, shuningdek, qardosh Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan kelgan yosh tarixchilar ishtirok etdi.
Bu yil vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan mazkur yozgi o‘qishlar ham ushbu ulug‘ sanaga bag‘ishlangan tadbirlardan biri sifatida o‘tkazilmoqda. Loyiha yosh tarixchilarning milliy tariximizni chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni yosh avlodga to‘g‘ri va xolis yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, ilm-fan va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor samarasi sifatida tashkil etilgan ushbu yozgi o‘qishlarning maqsadi haqida so‘zladi.

Ta’kidlanganidek, yurtimiz, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjondan yosh tarixchilarni bir maydonga jamlab, umumiy tariximizni o‘rganishni yangi bosqichga ko‘tarish va kelajak avlodni shu yo‘lda birlashtirish “Yosh tarixchilarning 5-yozgi o‘qishlari”dan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biridir.
Taniqli tarixchi olimlar hamda qardosh mamlakatlar vakillari tadbir davomida o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bunday yozgi o‘qishlarni Markaziy Osiyo miqyosida yanada kengaytirish va an’anaviy tusga kiritish zarurligi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Dastlabki mashg‘ulotlarda Tarix instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Surat Kubayev “Qazilma ashyolar bilan ishlash: ularni aniqlash, mazmunini o‘rganish va ilmiy izlanishlarda qo‘llash” mavzusida ma’ruza qildi. Olim o‘z ma’ruzasida qadimgi topilmalar va yer ostidan qazib olingan ashyolar bilan ishlash usullari, tadqiqot jarayonining muhim bosqichlari, shuningdek, so‘nggi yillardagi yangi topilmalar va ular bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalarini keng yoritib berdi.
Qizg‘in o‘tgan uchrashuv so‘ngida yosh izlanuvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan aniq va batafsil javob oldi.

“Yosh tarixchilarning 5-yozgi o‘qishlari” doirasida “Zakovat” bilimdonlar bellashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz vakillari bilan birga Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan yosh tarixchilar o‘zlarining zukkoligi va bilim darajasini sinovdan o‘tkazdilar.
Bellashuv yosh tadqiqotchilar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, tajriba almashish va kelgusi hamkorlikka zamin yaratishga xizmat qildi. Murosasiz va qizg‘in kechgan bellashuv yakunida Ozarbayjon, O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston vakillaridan tashkil topgan “Turon” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yosh olimlarning bilim va salohiyatini namoyon etish bilan birga, mintaqa tadqiqotchilari o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlik va do‘stona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
N.Usmonova,
O‘zA