O‘zbekiston global suv hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Stokgolmda davom etayotgan Butunjahon suv haftaligi O‘zbekistonning xalqaro sheriklar bilan muloqotini yanada faollashtirish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Tadbir doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi suv diplomatiyasi, ta’lim, ilmiy izlanishlar va mutaxassislar salohiyatini oshirish bo‘yicha bir qator muzokaralar o‘tkazdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunboyev Uppsala universiteti Tinchlik va nizolarni o‘rganish departamenti rahbari, professor Ashok Svayn bilan fikr almashdi.

Unda suv diplomatiyasi yo‘nalishida zamonaviy bilimlarga ega kadrlarni tayyorlash, universitetlararo ta’lim loyihalarini amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlarda hamkorlik qilish va akademik mobillikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yurtimizda “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturi yo‘lga qo‘yilgani, “Suvchilar maktabi”da esa 90 mingdan ziyod mutaxassis va fermerning malakasi oshirilgani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng Uppsala universiteti hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar suv va iqlim diplomatiyasi, chegaralararo suv masalalari, mutaxassislar tayyorlash hamda o‘zaro akademik aloqalarni rivojlantiradi.

Timur Butunboyev BMT Universiteti rektori, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, professor Tshilidzi Marvala bilan uchrashib, suv sohasida ilmiy hamkorlik, qo‘shma tadqiqotlar va malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi islohotlarni ilmiy yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI/CGIAR) rahbariyati bilan muloqot ham amaliy ahamiyat kasb etdi. Institut bosh direktori Mark Smit va “Suv, iqtisodiy o‘sish va inklyuzivlik” strategik dasturi direktori Inga Jeykobs-Mata bilan suhbatda qishloq xo‘jaligida suvdan unumli foydalanish, raqamli boshqaruv vositalarini tatbiq etish va ilmiy yondashuvlarga asoslangan yechimlarni keng joriy qilish masalalariga urg‘u berildi.

Muzokaralar chog‘ida IWMI rahbariyati O‘zbekistonda olib borilayotgan o‘zgarishlarni ijobiy baholab, mamlakatdagi tashabbuslar xalqaro tajriba uchun ham ahamiyatli ekanini qayd etdi. Uchrashuv so‘ngida institut vakillari joriy yil kuzida Samarqandda tashkil etiladigan Suvni tejash bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etishga taklif qilindi.
Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, Butunjahon suv haftaligi doirasidagi muloqotlar O‘zbekistonning global suv hamjamiyati bilan aloqalarini mustahkamlash, xalqaro tajribani milliy islohotlarga tatbiq etish va ilmiy-ta’limiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish borasida izchil qadamlar tashlayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon suv haftaligi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA