Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirish, buyuk allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ayniqsa, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu yo‘ldagi tarixiy qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat jahon sivilizatsiyasi va tibbiyot fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomaning bebaho asarlarini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda yanada chuqurroq tadqiq etish, zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish hamda alloma tavalludining 1050-yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Abu Ali ibn Sino insoniyat tarixida shunchaki shifokor yoki faylasuf sifatida emas, balki barcha fan sohalarini qamrab olgan chinakam qomusiy olim sifatida muhrlangan. Uning ilm-fan va jahon tabobati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, u yaratgan ilmiy tizim asrlar davomida Sharq va G‘arb olimlari uchun ilhom manbayi bo‘lib xizmat qilib kelgan.
Ibn Sino tibbiyot ilmining asoslarini yangi bosqichga ko‘tarib, kasalliklarning kelib chiqish sabablarini anatomik, fiziologik va gigiyenik jihatdan ilmiy asosda tahlil qilgan. Uning bevosita insoniyat salomatligini asrashga bag‘ishlangan asarlari, xususan, «Tib qonunlari» kitobi asrlar mobaynida Yevropa va Osiyo universitetlarida asosiy tibbiy darslik sifatida o‘qitilgan.
Buyuk alloma nafaqat amaliy tabobat, balki dorishunoslik sohasida ham mislsiz kashfiyotlar qilib, yuzlab shifobaxsh giyohlar va moddalarning xossalarini batafsil bayon etgan. Ibn Sinoning ilmiy merosi faqat tibbiyot bilan chegaralanib qolmay, falsafa, mantiq, astronomiya, fizika, matematika va adabiyot kabi ko‘plab sohalarni ham qamrab oladi. Uning «Kitob ash-Shifo», «Donishnoma», «Al-Ishorat va at-tanbihot» kabi fundamental asarlari insoniyat tafakkurining oltin fondiga kiritilgan. Alloma o‘z falsafiy qarashlarida borliqning sir-asrorlarini anglash, inson aql-zakovatining cheksiz imkoniyatlari va ilmiy bilish jarayonlarining ahamiyatini yuksak mahorat bilan ochib bergan. U yaratgan ta’limotlar dunyo falsafiy tafakkurining shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Qarorga muvofiq, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi buyuk merosni o‘rganishda yangi institutsional asos yaratadi. Bu markaz allomaning jahon miqyosida sochilib ketgan noyob qo‘lyozmalarini jamlash, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish va ilmiy muomalaga kiritish boshlanayotganini anglatadi. Shuningdek, «Mo‘’jaz al-Qonun», «Qonuncha» kabi tibbiy risolalar hamda falsafiy asarlarning yangi akademik nashrlarini tayyorlash, ularning elektron platformalarini yaratish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish ishlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yosh avlodni o‘z ajdodlarining boy ilmiy merosidan g‘ururlanish ruhida tarbiyalash bilan birga, mamlakatimizning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi obro‘sini yanada yuksaltiradi.
Shu bilan birga, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida xalqaro simpoziumlar, konferensiyalar muntazam o‘tkazib borilishi, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan olimlarni rag‘batlantirish uchun «Ibn Sino» xalqaro mukofotining ta’sis etilishi oqilona qarordir. Bunday tashabbuslar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yosh tadqiqotchilar uchun katta rag‘bat bag‘ishlab, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xalq tabobati an’analarini zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu qarorning hayotga tatbiq etilishi buyuk allomaning o‘lmas merosini asrab-avaylash, uni keng targ‘ib qilish va bugungi kun ilm-fani taraqqiyotiga xizmat qildirish yo‘lidagi muhim voqelikdir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA